G`uncha lablar
Uzum danagi moyi qo`shilgan balzam labning kundalik parvarishi uchun eng qulay vosita sanaladi. U labingizni yorilishdan asrab, namlantiradi va himoyalaydi. Labingiz yanada ifodali bo`lishi uchun lab bo`yog`ining qizil sharob ranglisidan foydalaning.
Go`zallik essensiyasi
Vaqti-vaqti bilan uzumli (ya`ni, uzum essensiyali gel solingan) vanna qabul qilish ham nihoyatda foydali. Bunday vannadan keyin teringiz nafaqat sog`lom ko`rinishga ega bo`ladi, balki o`zidan shirin ifor taratadi. Agar vanna qabul qilishni xushlamasangiz, cho`milayotganingizda yoki dush qabul qilayotganingizda uzumli geldan foydalanishingiz mumkin.
Go`zal qaddi-qomat siri
Qizil uzum sharbati – asil go`zallik eliksiri hisoblanadi. Meva sharbati tarkibidagi fermentlar ortiqcha kaloriyalarni yoqishga yordam beradi, moddalar almashinuvi jarayonini tezlashtiradi, organizmni zararli modda – toksinlardan tozalaydi.
Bir kunda 1 stakan uzum sharbatini ichish yaxshi natija beradi.
Yuzlari oy yanglig`…
Yuzingizdagi horg`inlik alomatlaridan xalos bo`lmoqchimisiz, qora nuqtachalar joningizga tegdimi, unda uzumli niqob sizga juda asqotadi: uzumni donaklari bilan yaxshilab ezib, ichiga 2 choy qoshiq kunduzgi krem va 1 choy qoshiq asal qo`shing. Uni haftasiga bir marotaba 20 daqiqaga surtib qo`yish tavsiya etiladi. Niqob avvaliga iliq, so`ngra sovuq suv yordamida yuviladi.
Silliq oyoqlar
Sonlardagi yoqimsiz sellyulitdan xalos bo`lish uchun uzum donagidan tayyorlangan E vitaminiga boy moydan foydalaning. Teringiz silliq vatarang bo`ladi. Har kuni uxlashdan oldin oyoqlaringizni tovondan sonlarga qaratib Uzum moyi yordamida uqalang.
Qo`llar parvarishi
Agar qo`llaringiz terisi quruq va yoriluvchan bo`lsa, uzum ekstrakti qo`shilgan oziqlantiruvchi krem xarid qling. Vosita tarkibiga kiruvchi achitqi hujayralar yangilanishini ta`minlaydi va terini davolaydi. Uzum moyi terini silliqlab, mayinlashtiradi. Kremni kun davomida bir necha marotaba surtish mumkin.
Tirsak va tizza terisini muloyimlash usuli
Tirsak, tizza va tovonning dag`al terisi mayin bo`lishi uchun uzum danaklari yordamida piling qilish tavsiya etiladi.
Piling gelni tayyorlash uchun: 1 siqim uzum danaklarini kahvamaydalagichda yanchib, 1 osh qoshiq o`simlik yog`i va 1 osh qoshiq yirik tuz bilan aralashtiring. Hosil bo`lgan bo`tqa yordamida teringizning muammoli sohalarini 1 daqiqa davomida uqalang. Muolajani haftada bir marotaba takrorlang.
Yuz himoyachisi
Tarkibida uzum danagi moyi bo`lgan kunduzgi krem terini yaxshi namlantiradi. Shu tufayli, teriga ancha vaqtgacha ajin tushmaydi. Kremni teriga ertalab va kechqurun surtish lozim.
MANBA: “SUG`DIYoNA” GAZETASI






