Atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyat musiqali drama teatri ham jahon andozalari darajasida rekonstruksiya qilindi.
Bu erda amalga oshirilgan keng ko`lamli bunyodkorlik
ishlari jarayonida teatr binosining old qismiga zamonaviy qopmala va
vitraj o`rnatildi, yo`laklarga keramik plitalar yotqizildi. Bino oldida
fusunkor favvora, yashil maysazor barpo etilib, hududga noyob manzarali
daraxt va gul ko`chatlari o`tqazildi.
San`at dargohining birinchi va ikkinchi qavatlari milliy va zamonaviy
arxitektura me`yorlari asosida qayta ta`mirdan chiqarildi. Isitish tizimi,
havo almashtirish, elektr, ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi. 550 o`rinli
tomosha zalidagi o`rindiqlar, sahnani yoritish, ovoz kuchaytirish uskunalari
yangisiga almashtirildi, grim xonalarida zarur shart-sharoit yaratildi.
Prezidentimiz teatr binosi bilan tanishar ekan, ushbu zamonaviy san`at
dargohi Sharof Rashidovning qutlug` tavallud sanasi nishonlanayotgan kunda
Jizzax viloyati xalqiga katta tuhfa bo`lganini ta`kidladi.
Mazkur san`at koshonasi faoliyatini viloyatning olis tumanlarida yashovchi
odamlar ham sezishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoev. Buning uchun teatr ijodiy
jamoasi salohiyatini yuksaltirish, uning faoliyatiga yangi ijodkorlarni jalb
qilish, bugungi zamon darajasidagi sahna asarlarini qo`yish ustida ishlash
zarur. Shu orqali odamlarning teatrga qiziqishini oshirish, ularning
ma`naviyatini tarbiyalash lozim.
Teatrning viloyat ma`naviy-ma`rifiy hayotidagi rolini oshirish hamda
samarali ishlashini tashkil etish maqsadida 2018 yilga mo`ljallangan
namunaviy dastur tuzish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Bu dasturda
ijodkorlarni qo`llab-quvvatlash, ular uchun 7 qavatli uy-joy qurish, aktyor
va rejissyorlarning malakasini oshirish, teatrdagi ijodiy muhitni
viloyatdagi musiqa va san`at maktablariga ham yoyish kabi masalalar
e`tiborga olinadi.






