Navoiy shahrida faoliyat boshlagan “Berejlivost” xususiy ishlab chiqarish korxonasi turli chiqindilarni yig`ish, tashish va qayta ishlashga ixtisoslashgan. Bu erda kuniga 200 tonnaga yaqin chiqindini saralab, qayta ishlash imkoniyati mavjud.
– Ayni paytga qadar shahar hududidagi ko`p qavatli uylar atrofiga maxsus erosti chiqindi konteynerlarini o`rnatdik, – deydi korxona direktori o`rinbosari Sanjar Adizov. – Aholi tomonidan chiqariladigan maishiy chiqindilarni saralab, qayta ishlash maqsadida tijorat bankidan olingan kredit mablag`i hisobiga 600 ming dollarlik chiqindilarni saralash liniyasini keltirib, ishga tushirdik. Bu atrof-muhit musaffoligini ta`minlash, chiqindidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Ayni paytda korxonada 20 kishi mehnat qilmoqda. Loyiha to`la quvvat bilan ishga tushgach ishchilar soni 150 taga etadi.
Korxonaga 750 ming dollar mablag` evaziga zamonaviy maxsus texnikalar xarid qilindi. Avtopark imkoniyatlari mamlakatimizda ishlab chiqarilgan texnika vositalari bilan kengaytirildi.
Korxona tomonidan yana bir yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Maktabgacha ta`lim muassasasi hamda umumta`lim maktablari uchun mo`ljallangan to`rt bo`lmali maxsus konteynerlar tayyorlanib, ta`lim muassasalarining chiqindi yig`ish maydoniga o`rnatiladi. Mazkur erosti konteynerlarining afzalligi shundaki, har bir bo`lma ma`lum turdagi chiqindi uchun ajratilgan bo`lib, bu yosh avlodning atrof-muhit, tabiatga oqilona munosabatda bo`lishi, har tomonlama madaniyatli bo`lib ulg`ayishiga xizmat qiladi.
06.11.2017 14:43
KUNIGA 200 TONNA ChIQINDI QAYTA IShLANADIGAN BO`LDI






