Federal qidiruv byurosi Nyu-Yorkdagi terrorchilik xurujidan so`ng qidirilayotgan yana O`zbekiston fuqarosi Qodirovni topganligini, u haqida ma`lumot yig`ishda davom etishini ma`lum qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
"Muhammadzoir Qodirovni topdik, u haqidagi har qanday ma`lumotni yig`ishda davom etamiz", — deyiladi FQB Nyu-York bo`limining Tvitterdagi xabarida.
Chorshanba kuni FQB direktori yordamchisi Bil Svini qidiruvda bo`lgan Qodirovni qidirish ishlari to`xtatilganini ma`lum qilgandi. Keyinroq u savollarga javob berarkan, Qodirovning topilganini bildirdi.
OAV ma`lumotlariga qaraganda, Qodirov terrorchilikda ayblanayotgan Sayfullo Soipovning kam sonli do`stlaridan biri.
Seshanba kuni Nyu-York markazida, Manxettenda, kichik yuk avtomobili (pikap) velosipedchilar yo`lagidan bir necha kilometr bosib o`tgan va maktab avtobusiga borib urilgan. Oqibatda 8 kishi qurbon bo`lgan va 10dan ortiq kishi jarohatlangan. Nyu-York meri Bill De Blazio ushbu voqeani terakt deb atadi.
AQSh OAVlari xabariga ko`ra, mazkur teraktni sodir etishda gumonlanib qo`lga olingan shaxs 29 yoshli O`zbekiston fuqarosi Sayfullo Soipov bo`lib chiqqan. U AQShga 2010 yilda grin karta orqali kelgan.






