O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 noyabr kuni MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Qozog`iston Respublikasi Bosh vaziri Bakitjan Sagintaev, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Andrey Kobyakov va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o`rinbosari Esenmurat Orazgeldiev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazdi.
Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashuvda konstruktiv va samarali hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani haqida so`z yuritildi.

Davlatimiz rahbari O`zbekiston bilan Tojikiston o`rtasidagi an`anaviy yaqin do`stlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun hukumatlararo komissiya salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini alohida ta`kidladi.
Qozog`iston Bosh vaziri Bakitjan Sagintaev bilan uchrashuvda oliy darajadagi o`zaro tashriflar chog`ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarni izchil amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.

Savdo, investisiya, energetika, transport va boshqa ustuvor yo`nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta`kidlandi. Ikki davlat hududlari o`rtasidagi va ishbilarmon doiralari darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga alohida e`tibor qaratildi.
Belarus Bosh vaziri Andrey Kobyakov bilan uchrashuvda O`zbekiston – Belarus munosabatlari rivojidagi ijobiy sur`at mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qisqa vaqt mobaynida mashinasozlik sohasi, agrosanoat majmuasi, oziq-ovqat, farmasevtika va boshqa tarmoqlarda qo`shma loyihalar amalga oshirildi.
Tomonlar hamkorlikning mavjud salmoqli salohiyatini, avvalambor, iqtisodiyotning real sektoridagi kooperasiya imkoniyatlarini to`la ishga solishdan manfaatdor ekani qayd etildi.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o`rinbosari Esenmurat Orazgeldiev bilan uchrashuv chog`ida Turkmanistonga oliy darajadagi tashriflar va davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari O`zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini strategik sheriklik bosqichiga ko`targani ta`kidlandi.

O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi savdo-iqtisodiy va transport-kommunikasiya sohalaridagi hamkorlik, sanoat va qishloq xo`jaligidagi kooperasiyani rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Tojikiston, Qozog`iston, Belarus va Turkmaniston hukumatlari rahbarlari O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va o`z davlatlari rahbarlarining ezgu tilaklarini etkazdi.






