— Tishimni tozalayotib, g`alati hodisaga ko`zim tushdi, tilimning ikki chekkasida tish izlari bor. Noto`g`ri yotib qoldimmi yoki tunda saqich chaynab uxlab qolganmanmi, deya o`yladimu, ammo ertasiga ham shu holat takrorlandi. Nega shunday bo`layotganini tushunolmayapman?..
Zilola Akromova, Toshkent shahri
Nodira HAMROEVA, shifokor-terapevt:
— Tilda tish izlarining paydo bo`lishi bir qancha omillarga bog`liq. Ehtimol, bu glossit (tildagi yallig`lanish)dir yoki kamqonlik, gipotireoz, avitaminoz va oshqozon-ichak tizimidagi muammolar bo`lishi ham mumkin. Sanab o`tilgan holatlarda til odatdagidan shishadi va shuning hisobiga tishlar tilga tegib qoladi. Kuchli stress yuz berganida, pastki jag` mushaklarining qisqarishi sekinlashadi va bu ham tishlarning tilga tegib qolishini keltirib chiqaradi. Balki so`nggi paytlarda qattiq asabiylashgandirsiz, agar muammo shunday bo`lsa, tinchlanishingiz bilan tildagi o`zgarishlar barham topadi. Bordi-yu asab tizimini qo`zg`atuvchi holatlarni inkor etsangiz, shifokor ko`rigidan o`tishingizni maslahat beraman. Tibbiy tahlillardan so`ng tilda shish bor- yo`qligini aniqlash va kerakli davo choralarini qo`llash mumkin bo`ladi.





