AsosiyJamiyat

TAQIQLANAYoTGAN GAZ BALLONLARNING XAVFLILIGI NIMADA?

'TAQIQLANAYoTGAN GAZ BALLONLARNING XAVFLILIGI NIMADA?'ning rasmi

Haydovchilarni o`ylantirgan masalaga oydinlik

Joriy yilning 11 oktyabrdagi Vazirlar Mahkamasining «Avtomobillarga gaz to`ldirish stansiyalari tarmog`ini rivojlantirish, avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichma-bosqich o`tkazish, shuningdek, ular uchun mo`ljallangan gaz ballon uskunalarining xavfsiz ekspluatasiyasini ta`minlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga ko`ra, O`zbekistonda 2018 yil 1 fevraldan boshlab SPG-2, SPG-3 va SPG-4 turidagi gaz ballonli uskunalar o`rnatilgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi. Mazkur tartib e`lon qilingach, aksariyat haydovchilar orasida e`tirozlar yuzaga keldi. Masalan, “avval o`rnatgan gaz balloni yana o`zgartiramanmi?”, “Nega qo`ydirayotganda mazkur xizmatni ko`rsatuvchilar xavfliligi haqida aytishmaydi?”, “Taqiqlanayotgan gaz ballonlarning xavfliligi nimada ekan?” kabi... Ana shunday savollarga javob topish uchun biz mutaxassislarga murojaat qildik va ular taqdim etgan ma`lumotlar sizga asqotishi shubhasiz.

Sherbek ERBEKOV, Avtomobil va daryo transportini rivojlantirishni normativ texnik ta`minlash respublika markazi bosh direktori o`rinbosari:

— Yangi tartib ishlab chiqilgunga qadar ham xavfsizlik choralarini ko`rish borasida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 11 noyabrdagi qarori bor edi-ku? Ayni paytda aksariyat haydovchilarning o`ylantirayotgan yangi me`yorga nima zarurat tug`ildi?Vazirlar Mahkamasining —2015 yil 11 noyabrdagi “Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg`i aralashmasida ishlaydigan transport vositalarining xavfsizligi to`g`risida umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to`g`risida”gi qarorining 48-bandida avtotransport vositalariga faqat SPG-1 (metall) rusumdagi ballonlari o`rnatish va SPG-2, SPG-3, SPG-4 rusumli gaz ballonlari bilan jihozlash taqiqlangan edi-yu, ammo javobgarlik masalasi qat`iy belgilanmagan edi. Shu bois siqilgan tabiiy gaz uskunalarini o`rnatib olganlar haligacha ulardan foydalanib kelishmoqda. Taqiqlangan ballonlarda yurgan juda ko`p avtomobillarda esa portlashlar sodir bo`ldi. Birgina haydovchilarning mas`uliyatsizligi qancha begunoh insonlarning hayotiga zomin bo`layotgani barchamizga ayon.—Avtomobillarga o`rnatilishi taqiqlangan SPG-2, SPG-3, SPG-4 turidagi gaz ballonli uskunalar nimasi bilan xavfli?

—Transportni gazda boshqarish endi ommalashib borayotgan paytda yurtimizga chetdan juda ko`plab standartlarga javob bermaydigan, sifatsiz uskunalar kirib kelgan. Ularning aksariyati arzon bo`lganligi sabab ham mijozlar tomonidan o`rnatilgan. Bunday turdagi gaz ballonli uskunalarning xavfsizligiga kafolat yo`q. Bundan tashqari SPG-2, SPG-3, SPG-4 butunlay metaldan tayyorlanmanganligi sabab ham xavfli hisoblanadi.

Ana shularni inobatga olgan holda yangi talablarga ko`ra, 2018 yilning 1 fevralidan so`ng, agarda inspektorlar tomonidan yo`llarda SPG-2, SPG-3 va SPG-4 gaz ballon uskunalari, shuningdek, zavod uskunalari buzilgan SPG-1 ballonlariga ega avtomobillarni aniqlasalar, ularning egalariga foydalanilishi taqiqlangan transport vositalarini boshqarganligi uchun javobgarlik qo`llaniladi.

Bundan tashqari, qarorda belgilangan eng muhim yangilik, qishloq xo`jaligi texnikalariga gaz ballonlarni tatbiq etishni ommalashtirishdir. Masalan, fermer er haydash uchun traktorga yoqilg`i uchun qancha-qancha pul sarflaydi? Agar qishloq xo`jaligi texnikalari ham gazlashtirilsa, har tomonlama foyda bo`ladi. Iqtisodiy maqbullik nuqtai nazaridan bu juda muhim. Bundan tashqari, suyultirgan gazdan yanada kengroq foydalanishga qulay shart-sharoit yaratish uchun maxsus ko`chma gaz quyish shoxobchalari tashkil etiladi. Bu maxsus AGQShga bora olmaydigan qishloq xo`jaligi texnikalari uchun juda qulaylik tug`diradi.

MAN AVTOBUSLARIDAGI SPG-2,-3,-4 GAZ BALLONLARI QANDAY KAFOLATGA EGA?

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarorida bundan buyon SPG-3 gaz ballonlaridan faqatMAN A 22 CNG avtobuslariga ruxsat berilishi ta`kidlangan. Agar SPG-2, SPG-3, SPG-4 turidagi gaz ballonli uskunalardan foydalanish taqiqlangan bo`lsa, Samarqandning JV MAN Auto-Uzbekistan zavodida ishlab chiqarilayotgan SPG-3 gaz ballonlaridan foydalanuvchi avtobuslar qanday himoyaga ega? Nega istisno tariqasida SPG-3 gaz ballonlari ularga ruxsat berilyapti?

“O`zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining matbuot xizmati:

— Qarorda belgilab qo`yilgan yangi qoidalarga ko`ra, Samarqandning JV MAN Auto-Uzbekistan zavodida ishlab chiqariluvchi, SPG-3 gaz ballonlaridan foydalanuvchi MAN A 22 CNG avtobuslari yagona istisnoga aylanishi ta`kidlangan. Sababi ushbu avtobuslarga o`rnatiladigan SPG-3 ballonlari Buyuk Britaniyaning Luxsfer Group kompaniyasining mahsuloti hisoblanadi. Bu kompaniyaning mahsulotlari xalqaro standart talablariga javob beradigan 100 foiz kafolatga egadir.

YaNGIDAN O`RNATISh YoKI ALMAShTIRISh NARXLARI QANChA?

Internetdagi saytlaridagi reklama va e`lonlar havolalarida avtoulovlarga gaz ballon uskunalarini o`rnatib beruvchi bir necha xususiy korxonalar tomonidan taklif etilayotgan arzon va kelishilgan narxlar bilan qiziqdik (savdolashganimiz yo`q). Ma`lum bo`lishicha, ruxsat etilgan gaz ballon uskunasi va foydalanishi taqiqlangan gaz ballon uskunalarini o`rnatish o`rtasidagi narxlardagi tafovut 400-800 ming so`mgachani tashkil etadi. Mashinangizning rusumiga qarab farqlanadi.

Masalan, SPG-1 turidagi gaz ballonini engil mashina (spark mexanika)ga evro IIIini o`rnatish 2 million 150 ming so`m, evro IVini o`rnatish 2 million 800 ming so`mni tashkil etadi. Taqiqlangan SPG-2, SPG-3, SPG-4 gaz ballonlarni, ruxsat etilgan SPG-1 temir balloniga almashtirish 1 million 700 ming so`mni tashkil etadi.

Inobat ERNAZAROVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar