AsosiyJamiyat

SAMARQANDDA HAR OYNING OXIRGI ShANBASI “MAHALLA KUNI” DEB BELGILANGAN

'SAMARQANDDA HAR OYNING OXIRGI ShANBASI “MAHALLA KUNI” DEB BELGILANGAN'ning rasmi

Bugun izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatimizda mahalla institutining jamiyat hayotidagi o`rni va rolini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Prezidentimizning joriy yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi.

Mazkur farmon talablaridan kelib chiqib, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Samarqand viloyati kengashi, tuman va shaharlarda hududiy kengashlar tashkil etildi.

– Faoliyatimizni jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni tizimli ravishda yo`lga qo`yishdan boshladik, – deydi Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha viloyat kengashi raisining birinchi o`rinbosari Mahmud Boboyorov. – Shu maqsadda fuqarolar yig`inlari xodimlari va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda maxsus savolnoma asosida xonadonma-xonadon yurib, aholining kayfiyati va muammolari o`rganildi. Har bir mahallada kam ta`minlangan oilalar ro`yxati shakllantirildi, hududda echimini kutayotgan muammolar qayd etildi. Viloyatdagi 1 ming 89 mahallaning barchasida “Yo`l xaritasi” ishlab chiqilib, mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlandi va ijrosiga kirishildi. “Xarita”da nafaqat iqtisodiy muammolarni hal qilish, balki madaniy-maishiy, ma`naviy-ma`rifiy hayotni yaxshilash, odamlarning ertangi kunga, davlat hokimiyati organlariga ishonchini oshirishga ham alohida e`tibor qaratildi.

Viloyatda shunday tartib joriy qilindi – mahalla raisi ishni hududdagi bitta ko`chani aylanib, yuzaga kelgan muammolarni hal qilish choralarini ko`rishdan boshlaydi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar (tuman) bo`linmasi raisi har kuni bitta mahallada bo`lib, fuqarolar yig`inidagi ahvolni o`rganadi. Viloyat bo`limi boshqaruvi raisi esa har kuni bitta shahar (tuman)dagi mahallada bo`lib, mavjud ahvolni ko`radi, “Yo`l xaritasi” dasturi ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishadi. Bugun bu tizim o`z samarasini bermoqda.

Bundan tashqari, har bir mahalla raisi o`z hududida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini ishbilarmonlikka o`rgatishga ham mas`ul hisoblanadi. Ular avvalo o`zi bitta issiqxona tashkil qilib, kredit asosida 10 limon, 100 bosh tovuq olishi, eng nochor oilalarni birlashtirib, kamida 5 ish o`rni yaratishi belgilab qo`yildi. Bugun mahallalarda oqsoqollar boshchiligida bunday ishlar boshlangan. Birgina ushbu yo`nalishda yil yakuniga qadar mahallalarda 4 ming 450 ish o`rni yaratiladi.

Har oyning oxirgi shanbasi viloyatda “Mahalla kuni” deb belgilangan. Shu kuni barcha mahalla fuqarolar yig`inida kengash yig`ilishlari o`tkaziladi. Mazkur yig`ilishlarda mahalla hayoti bilan bog`liq bo`lgan eng muhim vazifalar muhokama etiladi, davlat idoralari va tashkilotlar oldiga vazifalar qo`yiladi, tegishli hisobotlar eshitiladi. O`tgan davr mobaynida mahallalarda mutasaddi rahbarlarning ikki martadan hisobotlari tinglandi. Ayni paytda viloyatdagi barcha fuqarolar yig`inida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo`yicha mas`ullar – fuqarolar yig`ini kengashlari a`zolari, hududga biriktirilgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ro`yxati shakllantirilgan, bu ro`yxat mahalla markazi binosidagi qulay joylarga osib qo`yilgan.

Kattaqo`rg`on tumanidagi “Nayman” mahalla fuqarolar yig`iniga qarashli Qiymado`z qishlog`ida yashovchi Go`zal Eshmurodovaning bir yarim yashar o`g`liga eshitish moslamasi sovg`a qilinganda onaning quvonchdan ko`zlariga yosh olgani yoki Yakkabog` mahallasida istiqomat qiladigan I guruh nogironi Sh.Norqulovga aravacha taqdim etilganda uning minnatdor bo`lgani mahallalarda mehr-oqibat kuchayib borayotganidan dalolatdir. Kattaqo`rg`on shahrining G`arib Machit mahallasi fuqarosi Marhabo Fayzievaning nochor holatga kelgan uyi ta`mirlangani ham hamjihatlik namunasidir. Bunday misollarni ko`plab keltirish mumkin.

Darvoqe, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha viloyat kengashi tomonidan fuqarolar yig`inlari raislari, mahallalar faollari hamda viloyat ahliga ochiq xat bilan murojaat qilinib, unda mahalla tizimi xodimlari barchaga har jihatdan o`rnak, yosh avlodga munosib ota-ona, tarbiyachi bo`lishi zarurligi qayd etildi. Mahallalarda to`y va ma`rakalarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka yo`l qo`ymaslik bo`yicha tavsiyalar berildi. Bunda avvalo oqsoqollarning o`zi ibrat bo`lishi uchun Bulung`urda ana shunday namunali to`y o`tkazildi.

Viloyatda “Maslakdosh, elkadosh, raqobatdosh” loyihasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida bugungi kunda 16 shahar va tuman mahallalari soni va joylashuviga qarab 8 juftlikka bo`lindi. Ular bir-birining faoliyatini kuzatib, o`zaro tajriba almashib, musobaqadoshlik bilan ish olib bormoqda. Bu jarayonda aniqlangan muammolar viloyat kengashi ijro apparatida tahlil qilinib, tegishli “Yo`l xaritasi” dasturlariga kiritiladi. Ijrosi ta`minlangan vazifalar esa dasturdan chiqarilib, “Yo`l xarita”lari yangilanib boraveradi.

Mahallalarda kam ta`minlangan, boquvchisini yo`qotgan, notinch oilalar farzandlariga, profilaktik hisobda turgan yoshlarga “Nuroniylar jamoatchilik kengashlari” a`zolari biriktirilib, tarbiyaviy ishlar, ma`rifiy suhbatlar olib borilmoqda.

Mahallalarda olib borilayotgan bu kabi ishlar xalqimizning tinch va farovon hayot kechirishi, farzandlarimizning har tomonlama barkamol bo`lib o`sishiga, pirovardida jamiyatimizda barqarorlik, kishilar o`rtasida ahillik va bag`rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar