O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 noyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan BMT Bosh kotibi o`rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ijrochi direktori Yuriy Fedotovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekistonning BMT, uning tuzilmalari va institutlari bilan o`zaro manfaatli hamkorligi jadal rivojlanayotgani va mustahkamlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
Keyingi paytlarda O`zbekistonga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, din va e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Ahmad Shahid, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi Taleb Rifai va boshqalarning tashriflari samarali amalga oshirildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ishtirok etdi va nutq so`zladi, sessiya doirasida tashkilot rahbariyati bilan qator uchrashuv va muzokaralar o`tkazdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda BMT bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo`yicha qabul qilingan "yo`l xaritalari" doirasida qo`shma tadbirlar va loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
O`zbekiston BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e`tibor qaratishi ta`kidlandi.
Boshqarmaning texnik ko`magida yuqorida qayd etilgan sohalarda milliy va mintaqaviy loyihalar bajarildi va amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida ushbu tuzilmaning Markaziy Osiyo mintaqasi bo`yicha vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda o`zaro hamkorlikning "yo`l xaritasi" – Amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish asosida narkotrafik, jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish bo`yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko`rish va birgalikdagi ishlarni yanada kuchaytirish masalalari atroflicha ko`rib chiqildi.
BMT Bosh kotibi o`rinbosari Yuriy Fedotov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.
BMT vakili davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash, mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo`shnichilik, o`zaro anglashuv va umumiy manfaatlar asosidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan siyosatni yuqori baholadi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bayon etilgan tashabbuslarning dolzarbligi va o`z vaqtida ilgari surilgani alohida ta`kidlandi.
BMT Bosh kotibi o`rinbosari nufuzli xalqaro tashkilotning O`zbekiston bilan global xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo`yicha uzoq istiqbolga mo`ljallangan va tizimli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.






