Shaxmat bo`yicha jahon chempioni, yosh xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorovga Prezidentimiz sovg`asi topshirildi, deya ma`lum qildi O`zA.
Shu munosabat bilan Shaxmat bo`yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktabida tadbir bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi R.Qurbonov va boshqalar bolalar sportini rivojlantirish, o`sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishiga keng imkoniyat yaratish, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilayotgan doimiy e`tibor va g`amxo`rlik samarasida yurtimiz yoshlari jahon sport arenalarida yuksak natijalarga erishayotganini alohida ta`kidladi.
Yosh shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov erishayotgan natijalar buning yaqqol tasdig`idir. Nodirbek 2011 yili ikki yirik musobaqa – Hindistonda maktab o`quvchilarining Osiyo chempionatida oltin va Filippinda o`smirlar o`rtasidagi qit`a birinchiligida bronza medalni qo`lga kiritgan. 2012 yil Sloveniyaning Maribor shahrida o`tkazilgan jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo`lgan, Hindistonning Dehli shahrida maktab o`quvchilari o`rtasidagi VIII Osiyo chempionatining rapid – tezkor shaxmat bahslarida kumush medal bilan taqdirlangan.
2014 yili poytaxtimizda o`tkazilgan shaxmat bo`yicha Osiyo chempionatida Nodirbek Abdusattorov o`n yoshgacha bo`lgan shaxmatchilar bahsida shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarilgan, blis turnirda esa kumush medalni qo`lga kiritgan. Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida bo`lib o`tgan shaxmat bo`yicha 8-18 yoshli o`g`il-qizlar o`rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi o`rinni egallagan.
2016 yili Rossiyaning Sochi shahri mezbonlik qilgan maktab o`quvchilari o`rtasidagi jahon chempionatida ikkita oltin medalga sazovor bo`lgan. 2016-2017 yillarda Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklarida o`tkazilgan nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib, xalqaro grossmeyster talabini bajargan.
– Farzandimning bunday ulkan yutuqlarga erishayotgani mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan ulkan e`tibor tufaylidir, – deydi Nodirbekning otasi Fazliddin Ochilov. – Uning xalqaro maydondagi nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yurtimiz yoshlari iste`dod va salohiyat bobida hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo`lmasligini isbotlayotganidan faxrlanaman.
Jahon chempioni, xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan eng so`nggi rusumdagi zamonaviy noutbuk bilan taqdirlandi.
– Prezidentimizning biz, yoshlarga bildirayotgan yuksak ishonchini oqlashga harakat qilamiz, – deydi Nodirbek Abdusattorov. – Bu ishonch bizga kelajakda yanada yuksak marralarni egallashga kuch-g`ayrat bag`ishlaydi.






