AsosiySUG'DIYONA

EHTIYoT BO`LING: SUPERMARKETDAGI TUZOQLAR!

'EHTIYoT BO`LING: SUPERMARKETDAGI TUZOQLAR!'ning rasmi

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, supermarketlardagi xaridlarning 20 foizi o`ylamay qilinarkan. Savdo markazlari rahbariyati savatingizga iloji boricha ko`proq mahsulot solishingiz uchun ancha-muncha ayyorliklarga borishadi-da. Ulardan ogoh bo`ling va tuzoqqa tushib qolmang!

  • Kiraverishdagi shirinliklar
  • Katta aravalar
  • Eng “zerikarli” narsalar do`kon markazida
  • Burchaklardagi “super narhli” tovarlar
  • Strategik tartib
  • Mahsulotni tatib ko`rish
  • Muzlatilgan baliq muzlatilmaganidan foydaliroq
  • Chegirmalar bekorga bo`lmaydi

Supermarketlarga kiraverishda issiqqina pishiriqlar, pirojniylar, bulochkalar sotadigan joy tashkil qilinadi odatda. Maqsad, ulardan chiqayotgan yoqimli hid sabab og`zingizdan suv qochib, ikkitagina bo`lsa ham, sotib olsangiz.

Maslahat: Agar do`konga shirin pishiriqlar uchun kelmagan bo`lsangiz, nafsingizni tiyib, ularni sotib olmang. Unutmang, sizdagi hislar marketologlarning o`z ishini a`lo darajada bajargani oqibatidir.

Ko`pgina supermarketlarning arava(cha)lari salkam «Tiko» avtomobili bilan bahslashgudek. Unga bir-ikkita chog`roq mahsulot solsangiz, ichida yo`q bo`lib ketadi. Oqibatda o`zingizni noqulay his qilasiz.

Maslahat: katta hajmli aravachalarga yopishmang. Bor-yo`g`i bitta sut uchun kirgan bo`lsangiz, qo`lda ko`tariladigan savatcha olaqoling. Oladigan narsangiz ko`p bo`lmasa, katta supermarketga emas, kichikroq do`konga boring. Gipermarketlarda esa unutmang: aravachani to`ldirishga majbur emassiz!

Asosiy mahsulotlar (don maxsulotlari, non, sut) do`konning markazida joylashgan bo`ladi va ularga etib borguncha kosmetika, dudlangan mahsulotlar va pishloqlar kabi o`ziga chorlab turuvchi bo`limlarni bosib o`tishingiz kerak.

Maslahat: xaridni supermarketning o`rtasidan boshlang. Savatingiz kerakli mahsulotlar bilan to`lgach, ortiqcha xaridga ehtiyojingiz qolmaydi va darhol kassa tomonga yo`nalasiz.

O`ntagina tuxum sotib olarkansiz, ko`zingiz masalan, 50 foiz chegirmali mahsulotlar solingan peshtaxtaga tushadi. Va, albatta, bu chegirmadan foydalanib qolishga oshiqasiz. Vaholanki ushbu mahsulotni do`konga kirguningizga qadar sotib olish hayolingizga kelmagan bo`lsa–da.

Maslahat: zarur mahsulotlar ro`yxatini tuzing-u, do`konga borgach, ushbu ro`yxatdan tashqari faqat bitta yoki ikkita narsani xarid qilishga o`zingizga ruxsat bering. Shunda bir o`q bilan ikki quyonni urasiz: ham ayrim kutilmagan xaridlarni qilishga imkoniyat qoldirasiz, ham ortiqcha pul sarflab yubormaysiz.

Odatda, ko`p reklama qilingan taniqli firmalar mahsulotlari ko`zga yaqqol ko`rinadigan joylarga terilgan bo`ladi. Ularning narxlari ham yuqori. Ammo biroz engashsangiz yo yuqoriroqqa qarasangiz, taniqli firmadan bo`lmasa-da, sifati qolishmaydigan turdosh tovarlarga ko`zingiz tushadi.

Maslahat: har doim faqat markazga emas, quyiroq va yuqoriroqqa ham qarab, narx va sifatni solishtiring.

Ba`zan supermarketlarda biror mahsulotni bepul tatib ko`rishni taklif qilishayotganiga govoh bo`lasiz. Kim ham bir bo`lak bepul pishloqqa yoki qaynoqqina tekin qahvaga yo`q derdi. Ishlab chiqaruvchilarning esa shunday oltin qoidasi bor: xaridorni avval tatib ko`rishga, keyin xarid qilishga ko`ndir.

Maslahat: do`konga och qorin bilan bormang. Yana unutmangki, tatib ko`rgan narsangizni sotib olishga majbur emassiz.

Muz ustiga chiroyli terib qo`yilgan baliqlar aslida muzlatilgan holda do`konga keltirilgan, o`sha erda muzdan tushirilgan bo`lishi mumkin. Shunga ko`ra, ularning narxi muzlatilmagan baliqnikidan arzonroq bo`ladi. Odamlar muzlatilmagani foydaliroq deb o`ylashadi. Aslida unday emas, muzdan tushirilgan mahsulotlar o`z foydali xususiyatlarining yarmidan ko`prog`ini saqlaydi. Muzlatilmagani esa ikki kunda sasib qolishi mumkin.

Maslahat: agar muzlatilmagan baliqning kecha yoki bugun do`konga keltirilganiga shubhalansangiz, muzlatilganini olavering. Ham pul tejaysiz, ham sog`liqqa xavf bo`lmaydi.

«Aksiya!» degan yozuv ostida tovarlarning arzonlashtirib sotilayotganiga yoki ikkita olsangiz, uchunchisi bepul berilayotganiga ko`zingiz tushishi mumkin. Ko`pincha yaroqlilik muddati tugayotgan mahsulotlar shunday sotiladi.

Maslahat: arzonlashtirilgan tovarlarning yaroqlilik muddati va sifatiga e`tibor bering. Yodda tuting: arzon beillat bo`lmas!

ShAHINA tayyorladi.

Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi

Boshqa yangiliklar