AsosiySUG'DIYONA

DIANA GURSKAYa: «MEN BILGAN, AMMO KO`RMAGAN DUNYo»

'DIANA GURSKAYa: «MEN BILGAN, AMMO KO`RMAGAN DUNYo»'ning rasmi

«Ota-onam uzoq vaqtgacha ahvolimni izohlab berishga jur`at etishmagan, men esa nima uchun dunyo qop-qoraligini tushunolmasdim. Axir do`stlarim, yaqinlarim allaqanday nur va ranglar haqida o`zaro gaplashishardi-da. Vaqt o`tishi bilan menda allaqanday ettinchimi yo sakkinzinchi bir tuyg`u paydo bo`ldiki, u faqat o`zim uchun tushunarli bir dunyoni chizib berdi. Men hozirgacha shu olamda yashayman. Bu olam faqat tasavvurimdagina mavjud. Shunga qaramay, men unda o`zimni bemalol his etaman».

Bu iqror kelib chiqishi gruziyalik bo`lgan rossiyalik qo`shiqchi, Rossiya Jamoatchilik palatasi a`zosi, Rossiyada xizmat ko`rsatgan artist, Gruziya Iftixori ordeni sohibasiDiana GURSKAYaga tegishli. Quyida biz ana shu matonatli va irodali ayol taqdirini bayon etamiz.

Hammasi risoladagidek edi...

1978 yilning 2 iyuli, jazirama yoz tonglaridan birida dunyo ilk bor uning jarangdor ovozini eshitdi — Diana Gruziyaning Suxumi shahrida shaxtyor va pedagog oilasida dunyoga keldi. (Gurskaya familiyasi bir qarashda slavyancha tuyulsa-da, aslida qadim megrel tilidan olingan va u rus tilida turlanmaydi. Masalan, uning akasining ismi Robert Gurskaya). Avvaliga qizaloq o`zi kabi bolalardan hech farq qilmasdi. Uning ko`zi ko`rmasligini birov payqamadi ham. Kunlardan bir kun kichkina Diana divandan yiqilib tushdi va yuzi qonab ketdi. Uni darhol shifokorga olib borishdi. Qizchani sinchiklab tekshirgan shifokor mudhish tashxisni aytdi — qizaloqning ko`zlari ojiz va bu bedavo dard edi. Diana oilada to`rtinchi farzand, ota-ona kenjatoyining taqdirini hal qilayotgan ushbu mudhish xabardan o`zlarini qo`yarga joy topa olishmadi. Avvaliga nomdor shifokorlarga, keyin tabiblarga ko`rsatishdi. So`ngra taqdirga tan berishdi: qizaloq bir umr yorug` dunyoni ko`rmaslikka mahkum edi.

Diananing onasi tajribali pedagog bo`lib, farzandining boshqa sog`lom bolalardan kam bo`lmasligini istardi. Shuning uchun unga nogiron emas, sog`lom kichkintoyga qaragandek munosabatda bo`ldi. Ona bir umr qizini avaylab qo`lidan ushlab yura olmasligini yaxshi tushunardi. Shuning uchun Dianaga yoshligidanoq bu olamga moslashish, kurashish va yashashni o`rgatdi. Qizaloq oilaning boshqa farzandlari bilan birga ko`chada o`ynar, mabodo qoqilib yiqilgudek bo`lsa ham, ota-ona buni xuddi sog`lom bolaning yiqilishidek qabul qilishardi. Shunday qilib, yosh Diana tengdoshlari qatori katta bo`la boshladi.

Taqdirga isyon

«Onamning aytishlaricha, men gapirishdan ham avval kuylashni o`rgangan ekanman. Chindan ham hayotimdagi ilk xotiralarim allaqanday yoqimli kuy va qo`shiqlardan iborat. Keyin bilsam, bu onam aytgan allalar va qo`shni ayollar kuylaydigan xalq qo`shiqlari ekan».

Darhaqiqat, qizaloqning musiqani ilg`ash va anglash qobiliyati favqulodda rivojlangan edi. Diana 10 yoshlarga etganida onasi qizidagi yorqin musiqiy qobiliyatga amin bo`ldi va uni bolalar musiqa maktabiga etaklab bordi. Bu paytda Diana ko`zi ojiz bolalar uchun maxsus maktabda ta`lim olardi.

«Mening birinchi musiqiy asbobim — ota-onam sovg`a qilgan kichkinagina royalcha edi. Men birvarakayiga ham o`rta umumta`lim, ham musiqa maktablarida o`qir, ammo charchoq nimaligini bilmasdim. Maqsadim klavishlariga barmoq tekkanda ajib sas chiqaruvchi shu asbobni chalishni o`rganish edi...»

Musiqa maktabida qizaloq murabbiylarini fortepiano chalishni o`rgana olishiga ishontirdi. Bu taqdirga isyon edi. Shu kundan e`tiboran qizaloq tinmay mashq qildi. Yaratgan unga g`ayrioddiy xotira, savqi tabiiy va iste`dod in`om etgandi. Diana irodasini namoyon etdi va tez orada fortepiano chalishni o`rganib oldi. Endi u jarangdor ovozi va mohir ijrosi bilan maktab sahnasini egallagandi.Ko`p o`tmay iste`dod o`z e`tirofini topa boshladi.

Muvaffaqiyat, bu — mehnatdir

Asta-sekin Diana turli darajadagi musiqiy tanlovlarda ishtirok eta boshladi. Ana shunday tanlovlardan birida uni Gruziyaning mashhur qo`shiqchisi Irma Saxadze payqab qoldi. Aynan shu ayol Diana bilan Tbilisi filarmoniyasida duet kuylab, uni katta sahnaga etaklab chiqdi (barcha ma`noda).

Gurskayalar oilasi Moskvaga ko`chib o`tgach, qahramonimiz Gnessin nomidagi bilim yurti hamda GITISga o`qishga kirdi va yana bir vaqtning o`zida ikki joyda o`qiy boshladi. 1999 yil o`quv yurti va institutni tamomlagan Diana yakkaxon xonandalikni boshladi. 1995 yildayoq Diana «Yalta-Moskva-Tranzit» festivalida «Tbiliso» nomli qo`shig`i bilan omma e`tiboriga tushgandi.O`shanda u festivalning maxsus sovrinini qo`lga kiritish bilan birga qo`shiqchi bastakor va hakamlar hay`ati a`zosi Igor Nikolaevning nazariga tushdi. Keyinchalik Nikolaev Diananing mashhur qilgan «T zdes» (Sen shu erdasan) xitini unga bag`ishlab yozdi. 2000 yilda esa «ARS» kompaniyasi Diananing ilk musiqiy albomini chiqardi. Albom juda tez sotilib ketdi. Shu kungacha Diananing «T zdes» va «T znaesh, mama» nomli ikkita albomi chiqqan.

2008 yilda Diana Gruziya bayrog`i ostida «Evrovidenie-2008» tanlovida ishtirok etdi.

2009 yilda esa unga «Sochi elchisi-2014» diplomi topshirildi. U Sochida 2014 yil bo`lib o`tgan paraolimpiada o`yinlarining yuzi bo`ldi.

Ikki erkak ardog`ida

«Esimni tanibmanki, doim yonimda akam Robert bo`lgan. Unga hamma sirlarimni aytardim. U esa meni judayam ardoqlar, menga, hatto, chang qo`ndirmasdi. Kun kelib, hayotimda boshqa bunday mehribon inson paydo bo`lishini xayolimga ham keltirmaganman. Ammo hammasi kutilmaganda ro`y berdi...»

Bir kuni rossiyalik etuk siyosatchi ayolIrina Xakamada Dianani yosh va istiqboli porloq huquqshunos Pyotr Kucherenko bilan tanishtiradi. Nozik, yordamga muhtoj ko`ringan, har qanday erkakda himoya qilish istagini uyg`otadigan, ammo ichdan metin irodaga ega qiz bir zumda Pyotrni rom qildi. 2005 yilning sentyabrida ularning to`yi bo`lib o`tdi. 2007 yilda esa o`g`ili Konstantin dunyoga keldi.

Diana juda mehribon va jonkuyar ona.U o`g`lining tarbiyasini hech kimga ishonmaydi. Sahnani bir muddat tark etib, farzandining tarbiyasi bilan shaxsan o`zi shug`ullandi. Shifokorlar unga bolani emizishni taqiqlab qo`yishdi. Chunki Diananing ko`kragida bola emib bo`lgandan keyin qolib ketadigan sut tezda ivib qotib qolardi. Mastit xavfi yuqori bo`lgani uchun bu sutni sog`ib tashlash kerak edi. Buni Diananing o`zi qila olmas, har kuni uylariga shifokor qatnardi. Ammo Diana og`riqlarga matonat bilan chidab farzandini ona suti bilan boqdi.

Ezgu amallar yo`lida

Diana eri — Xalqlar do`stligi institutining professori, advokat, huquqiy fanlar doktori Pyotr Kuchera bilan hamkorlikda ko`zi ojiz bolalarni qo`llab-quvvatlovchi «Po zovu serdsa» (Yurak amri bilan) nomli xayriya jamg`armasini ta`sis etdi. Hozirda bu jamg`arma minglab ko`zi ojiz iste`dodlarga yordam bermoqda. Shuningdek, «Oq arqon: tolerantlik, tenghuquqlilik, integrasiya» nomli festivalni ham 2005 yildan buyon o`tkazib keladi.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi

Boshqa yangiliklar