Jahonda yo`lovchi vagonlarini zamonaviy tarzda ishlab chiqaruvchi, ta`mirlovchi va eksport qiluvchi zavodlar sanoqlidir. Endilikda, Germaniya, Ukraina, Rossiya, Fransiya, Belorus kabi davlatlar qatorida O`zbekiston ham yo`lovchi vagonlari bilan jahon bozoriga yuz tutdi.
Xususan, «O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Toshkent yo`lovchi vagonlarini qurish va ta`mirlash zavodi» aksiyadorlik jamiyati ilk marotaba «Made in Uzbekistan» tamg`asi ostida o`z mahsulotlarini eksport qila boshladi. Yildan-yilga yo`lovchi vagonlarini qurish jarayonlari taraqqiy etib bormoqda, yangi imkoniyatlar ishga solinayapti. Markaziy Osiyoda yagona bo`lgan «Toshkent yo`lovchi vagonlarini qurish va ta`mirlash zavodi» aksiyadorlik jamiyatida ham bu borada yuksak natijalarga erishilmoqda. Jumladan, metro vagonlarini ta`mirlash ishlari o`zlashtirildi, yangi ko`rinishdagi yo`lovchi vagonlar ishlab chiqarila boshlandi. Joriy yildan boshlab esa korxona mahsulotlari jahon bozoriga chiqdi.

Mazkur vagonlar oldingisidan ancha farq qiladi. Bunisida yo`lovchilar uchun bir qator qo`shimcha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, ilk bor zamonaviy suv va havoni tozalash uskunalari o`rnatildi, yoritish tizimi butunlay o`zgartirildi. Vagon ichini jihozlashda yorqin ranglardan foydalanilgan. Isitish va sovutish tizimlarining zamonaviyligi esa yo`lovchilarga qishning izg`irin kunlarida hamda jazirama yozda ham mo``tadil havoni ta`minlab beradi.






