O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Prezident Rejep Tayyip Erdo`g`onning taklifiga binoan 25 oktyabr kuni davlat tashrifi bilan Turkiyaga jo`nab ketdi.
Anqara shahrida bo`lib o`tadigan oliy darajadagi muzokaralar chog`ida O`zbekiston va Turkiya o`rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, global hamda mintaqaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinadi, xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston delegasiyasi, shuningdek, Istanbul shahriga ham tashrif buyuradi.
Tashrif yakunlari bo`yicha davlat rahbarlarining Qo`shma bayonoti qabul qilinishi, turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, O`zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari o`rtasida o`zaro manfaatli aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratish, sayyohlar almashinuvi va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga qaratilgan ko`plab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.






