AsosiySUG'DIYONA

YO`LDOSh GEMATOMASI QANDAY TAShHIS?

'YO`LDOSh GEMATOMASI QANDAY TAShHIS? 'ning rasmi

Shunday bo`ladiki, homiladorlik paytida ayolni hech narsa bezovta qilmaydi, tahlillar yaxshi, ahvoli durust. Ammo UTT tekshiruvida shifokor «gematoma» nomli noma`lum tashhis bilan uni esankiratib qo`yadi. Ma`lumki, gematoma deb shikast, jarohatdan keyingi to`qimalarda qon yig`ilishiga aytiladi. Shu o`rinda savol tug`iladi: qon qaerda to`planadi. Gematomaning hosil bo`lishiga sabab nima? Endi nima qilish kerak? Mavzu yuzasidan oliy toifali ginekolog-endokrinolog Xulkar RAVShANOVA javob beradi.

HAMMASIGA YaLLIG`LANISh SABABChI

Homilador ayolning bachadon shilliq qavati kichik qon tomirlarining zo`riqishidan qontalash holatga kelib, atrofdagi yumshoq to`qimalarga tarqaladi. Gematomaning katta-kichikligi va kelib chiqish sabablariga qarab, homilador ayol shifokor nazoratiga olinadi. 90 foiz holatda bola saqlab qolinadi.

Gematoma yuzaga kelishida quyidagi omillar sabab bo`lishi mumkin:

* Homiladorlik paytida o`zini asramay, og`ir jismoniy ishlar bilan shug`ullanish, misol uchun og`ir yuk tashishi, sakrash;

* Avvalgi homiladorlikda abort qilingani;

* Oldingi tug`ruqning asoratli o`tgani;

* Bachadon ichki muolajalari;

* Ko`p tugunli mioma, endometrioz kasalliklari;

* Organizm immun tizimining susayishi;

* Shikastlanish va jarohatlar.

BELGILARI

Ayol jinsiy a`zolarida ba`zan sanchuvchi og`riq sezadi. Qindan jigarsimon ajralma keladi. Yo`ldosh ko`chishi kuchli bo`lsa, qindan qon kelishi mumkin.

XAVFI NIMADA?

Birinchidan, aytib o`tganimizdek, yo`ldosh gematomasi erta bosqichda homila tushishi, tug`ruqqa yaqin jarayonda esa homilaning yaxshi o`smay, bolaning kam vaznda tug`ilib , xomiladorlik davrining asoratli o`tishiga sabab bo`ladi.

Shifokor UTT tekshiruvi va umumiy kon tahlilini buyuradi. Homila muddatiga karab uning holatiga baho berish maksadida dopplerometriya tekshiruvi qo`llaniladi.

DAVOSI BORMI?

Bo`lajak ona shifokorning dinamik (uzluksiz) nazorati ostida bo`lishi kerak. Ayol og`ir jismoniy harakatlar va jinsiy hayotni chegaralashi lozim. Tez va engil hazm bo`luvchi mahsulotlar, meva, sabzavot va ko`katli salatlar, mayizni damlab kun davomida iste`mol kilishi foydali. Davolashda gematomani so`rdiruvchi darmondorilar, qon ketishini to`xtatuvchi vositalar, yo`ldosh faoliyatini yaxshilovchi, homilani gipoksiyadan asrovchi, og`riqni qoldiruvchi preparatlar qo`llaniladi.

Taomnomaga ahamiyat bering

Ovqatlanishda ko`proq suli, bug`doy yormasidan tayyorlangan bo`tqalar iste`mol qilish, sharbat va sut ichish foydali.

Bu vaziyatda ayolni V guruh vitaminlari qo`llab turadi. Buning uchun tuxum sarig`i, baliq, kalla-pocha, ko`katlardan ismaloq, kashnich, o`stirilgan bug`doy, jigar, eryong`oq, parranda go`shtini ko`p iste`mol qilishi kerak. Lekin ichni qotiruvchi oq non va pishiriqlar, xamirli taomlar, achchiq choy va qahvani qabul qilmagan ma`qul.

Eslatma: yo`ldosh gematomasida ayol shifokorga o`z vaqtida murojaat qilsagina, ushbu muammo ijobiy hal bo`ladi. Bu degani ayol kun bo`yi harakatsiz yotishi kerak, degani emas. Aksinch,a kun davomida odatiy uy yumushlarini bajarishi mumkin. Bu keraksiz chiqit moddalarning tezroq organizmdan chiqib ketishga va gematomaning so`rilishiga xizmat qiladi. Lekin og`ir zo`riqish va keskin harakatlardan o`zingizni asrashingiz kerakligini unutmang.

Barno HOJIMIRZAEVA yozib oldi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar