Emizikli ayol borki ertami-kechmi bolakayni ona sutidan ajaratish bilan to`qnash keladi. Ba`zi bolajonlar bu davrdan oson va ko`nikimli o`tsalar, ayrimlarda esa o`rgangan odatidan voz kechish oson bo`lmaydi. Ayniqsa tungi emizish vaqti ayrim bolakaylarning ovunishi juda qiyin. Xo`sh, ana shunday muammo bilan yuzma-yuz turgan onalar bolaning ruhiyatini jarohatlamay vaziyatni nazorat qilishlari uchun qanday usullardan foydalanishlari mumkin. Bu haqda oliy toifali shifokor-pediatr, laktolog Nafisa Sultonova tanishtiradi.
Qachon emizishdan chiqargan ma`qul?
Ba`zi onalar farzandalari yoshiga to`lgach emizish befoyda, xuddi so`rg`ichdek gap-da, deyishadi.Aslida esa aynan bir yoshdan ikki yoshgacha bo`lgan davr bolakayning organizmi uchun foydali bo`lib, davomli bo`lishi talab qilinadi. Me`yorda bolangizni ikki yoshigacha emizsangiz etarli. To`g`ri va etarli darajada ona suti bilan oziqlangan bolakay kelajakda turli muammolardan xoli bo`ladi. Masalan ona s uti bilan me`yorida oziqlangan bolalarda:
- Jismoniy va aqliy salohiyati yaxshi rivojlangan bo`ladi;
- Ateroskleroz xavfi kamayadi;
- Immuniteti mustaxkamlanadi;
- Gapertoniya,qandli diabet, leykoz, me`da faoliyati bilan bog`liq turli xil kasalliklar xavfi nisbatan kamayishi tibbiyotda isbotlangan.
Onalar diqqatiga!
- Jiddiy sabab yoki bolaning ona sutini qabul qilmaslik holati kuzatilmasa, 4-8 oylik davrda emizishdan ajratish mumkin emas. Bu vaqtda rivojlanayotgan yosh organizm uchun ona suti tarkibidagi foydali elementlar juda muhim.
- Ko`krakdan ajaratish uchun avval o`zingiz tinchlanib oling! Sizdagi hotirjamlik bolangizning ortiqcha bezovta bo`lmasligini ta`minlaydi.
- Tez va bir vaqtning o`zida ko`krakdan ajratish to`g`ri emas.Bu ishni sekin-asta bolaning e`tiborini boshqa narsalarga jalb qilish orqali bajargan ma`qul. Ko`pi bilan ikki xafta mobaynida sutdan chiqarishga erishish mumkin.
- Bahor va kuz fasli emizishdan ajratish uchun ayni muddao.Yozda esa ona suti bolkayni turli xil me`da infeksiyalaridan himoyalaydi. Shu bois yoz mavsumida emizishdan chiqarishni o`ylamang.Yaxshisi ayni vaqtda bu ishni bajaring yoki kuzning boshlarigacha bir oz kuting.
- Farzandingiz oldida ko`krak qismi yopiqroq bo`lgan liboslarda ko`rining.Bu uning diqqatini jalb qilmaydi. Agar emishni xumor qilsa, tayyor bo`tqa, nimtatir shirin choy yoki mevali sharbatlarga chalg`iting. Bu ham yordam bermasa unda navbatdagi usullarni birma-bir sinab ko`rishingiz mumkin.
- Agar farzandingizni istisnosiz 6 oygacha faqat ona suti bilan emizib, o`z vaqtida oz-ozdan qo`shimcha ovqat qo`shib borsangiz, 2 yoshga etgach qo`shimcha ovqlatlarga talabi sekin-asta ortib boradi. Bu esa bolani ona sutidan ajralishini osonlashtiradi.
- Agar bolaning talabiga mos, etarli darajada emizilmasa, 2 yoshdan keyin ham ona sutiga bo`lgan talabi kuchli bo`ladi. Bu paytda esa bolani ona sutidan ajratish qyinlashishi mumkin. Shu kabi holatlar yuz bersa, bolangizni emizishni davom ettiring. Bunda sut tarkibi o`zgarmay, kerakli ozuqani ta`minlaydi.
Farzandingizdan uzoqlashmang!
Ko`pchilik onalar farzandlarini bir-ikki kunga xolasi, buvisnikiga berib, emizishdan chiqarmoqchi bo`lishadi. Ruhshunoslar bu davrda ona-bola muloqoti va bolaning ona mehri va ko`magini his eiib turishi g`oyat muxim deya ta`kidlashadi. Demakki, bolani o`zingizdan uzoqlashtirib vaziyatni nazorat qilolmaysiz. Yaxshisi uning yonida bo`lib, tinchlanishi va o`zgarishlarni qarshi olishiga ko`maklashing.
Bo`tqa,shirin choy yoki ..
Har birida meyo`r bo`lishi lozim. Ona sutinng o`rniga hadeb shirin choy bersangiz bola bir xil ta`mli narsaga o`rganib qoladi. Bo`tqalar ham kerakli ozuqani ta`minlamasligi mumkin. Yaxshisi bolangizning bir kunlik taomnomasini tuzing. Masalan, ertalabki nonushta uchun guruchli bo`tqa bo`lsa, birozdan so`ng mevali sharbat berish mumkin. Maxsulotlar rang-barang va bolaning diqqatini jalb qiladigan ko`rinishda bo`lsa, ta`midan oldin ko`rinishi bilan qiziqtiradi.Oz-ozdan turli eguliklardan ta`tib ko`rsa,ta`m bilish reseptorlari faollashadi.
Achchiq qalampir yoki rangli surtma....
Ko`krakka achchiq qalampir yoki iod, zelenka kabi surtmalarni surtish orqali bolani qo`rqitish har doim ham kutilgan natijani beravermaydi. Qolaversa, bunday usullar boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.Misol uchun:
- Oshqozon tabiiy mikroflorasining buzilish va qorin og`riqlarining kelib chiqishi;
- Bolaning ruhiyatiga zarba bo`lib, onasiga nisbatan ishonchi yo`qolishi mumkin.
Ba`zi bolalar hatto qo`rqitgangizga ham qaqramy, baribir ko`krak tutishingiz talab qilishadi. Bunday bolalarga sabr-toqat bilan “kurashish”dan boshqa ilojingiz yo`q. Agar bosim o`tkazishni davom ettirsangiz, keyinchalik farzandingiz tajang va qaysar xarakterini namoyish etishi mumkin. Qo`rqitishlaringiz kor qilmadimi, unda bolangiz o`z hoxishi bilan ko`krak sutidan voz kechishini kuting.
Kunduzgi sayr
Kunduzgi emizish vaqtida sayrga olib chiqib, tasavvurini kengayishiga ko`maklashing. Bu vaqtda biron meva yoki sabzavotlardan tayyorlangan bo`tqalardan foydalanish mumkin. Iloji bo`lsa, kunduzgi uyqusidan avval sayrga chiqsangiz, engil charchoq paydo bo`lib, tinch orom oladi. Bunday sayrlarni kechki vaqtda ham bajarish mumkin. Ayniqsa bolalar maydonchasida o`tkazilgan vaqt farzandingizning e`tiborini chalg`itib, emishi kerak bo`lgan vaqtlar orasini uzaytirishga yordam beradi.
Tungi xarxasha...
Eng mushkuli ham aynan shunisi. Bolakay ona ko`kragini xuddi so`rg`ichday qabul qilib, uxlashga odatlangan bo`lsa, sutdan chiqishi oson bo`lmaydi. Bu vaqtda injiqlik qilishi, uxlashga qiynalishi mumkin. Agar emizishdan chiqarishga ahd qilgan bo`lsangiz, barcha qaysarliklariga sabr bilan chidashingizga kerak. Tungi maxal eringizdan yordam so`rang. Tayyor bo`tqa yoki qaynatilgan iliq suv solingan shishachadan bolakayni ovuntirishga ko`maklashisin. To`g`ri oson bo`lmasligi mumkin. Ammo sekin-asta uddalash mumkin. Bordiyu kichkintoy 2-3 kun tinmay injiqlik qilib, allamaxalgacha uyqusini topolmasa, unda ko`krakdan ajratishga shoshilmaganingiz ma`qul.
Aloxida yotoqxona...
Bolalarda ona sutining ta`mi va hidiga nisbatan refleks yaxshi shakllangan bo`ladi. Agar kichkintoy siz bilan uxlasa ana shu ta`m unga tinchlik bermaydi. Iloji bo`lsa emizishdan chiqarayotgan vaqt uni aloxida xonaga o`tkazing. Boshqa farzandlaringiz bo`lsa, ular bilan bir yotoqqa joylang. Agar birinchingiz bo`lsa, xonaga tungi yoritgich va yotoqhona krovatiga bolalar uchun mo`ljallangan biror musiqali o`yinchoqni qo`ying. Musiqali o`yinchoq bolakayning diqqatini o`ziga jalb qilib, tinchlanishiga yordam beradi.
Muloqot qiling...
Kichkintoyning qaysarliklariga qo`rslik bilan javob qaytarishning foydasi yo`q. Emishni istayotgan bolangizni turtkilaymay, uni tizzangizga oling. Elka va kuraklarini ohista silang, yoqimli so`zlar bilan erkalang. Bolakay har bir so`zingizni o`zicha tushunadi. U bilan bolalarcha suxbatlashib, taom yoki egulik eyishiga ko`maklashing. Ertak qaxramonlari yoki o`zi sevib tomosha qiladigan multqaxramon qiyofasini jonlantirib, ovqatlantiring. Ishonchli chiqishi uchun o`zingiz ham u bilan birga tamaddi qiling. O`yin tariqasida olib borilgan bu usul bolaning ruhiyatini jarohatlamay,yangi tanavvulga ko`nikishiga yordam beradi.
“Hech biri yordam bermayapti..”
Ayrim bolakaylar bilan hech qanday usullar foyda bermaydi. Baribir o`z bilganlaridan qolmay hech bo`lmaganda kechasi onasini emib, uxlashadi. Ko`kargingizni bog`laganingiz, surtmalar surganingiz xatto aloxida xonada yotqizganingiz ham kor qilmaydi. Shifokorlar hech biri yordam bermasa, bolakay o`z hohishi bilan emishdan qolishini kutish kerak deyishadi. Bu jarayon ancha cho`zilishi ham mumkin. Biroq bolakayning rivojlanishi bilan tasavvuri kengayib, kun tartibi ham o`zgarib boradi. Shundan kelib chiqib, ko`krakdan ajarilish asta-sekin o`z-o`zidan unut bo`lishi ham mumkin.
Yon daftaringiz uchun!
- Yaxshi ma`lumki, sutni ko`paytirish uchun ko`proq suyuqlik ichib, yaxshi ovqatlanish maslaxat beriladi. Ko`krakdan ajratayotganda esa aksincha kamroq suyuqlik ichib, shirin va mazali eguliklardan biroz kamaytiring. Ozgina parhez ushlasangiz sut tarkibi va mazasi ham o`zgarib, bolakayning ta`m bilish hususiyati tayor maxsulotlarga qaratilishiga erishish mumkin.
- Bola emishdan yuz o`girsa, sut kelishi tuxtaydi, deyishadi. Bordiyu emishdan chiqarganingizdan keyin ham ko`kragingiz to`lishda davom etsa, shifokorga murojaat etib, maslahatlashing. Zarur hollarda bir necha preparatlar buyurilishi mumkin.
- Emizishni to`xtatganingizdan so`ng ko`krakni siqqaningizda oz-oz suyuqlik chiqishi mumkin. Bu normal holat bo`lib, organizmning o`zgarishiga muvofiq sut bezlari asta-sekin me`yoriy ko`rinishiga keladi.
Dildora Yusufbekova tayyorladi
Manba: «Sug'diyona» gazetasi