20.11.2013 18:03
9 oyda bolalar ishtirokidagi yo`l-transport hodisalari soni 4,5 foizga qisqardi
Transport vositasini boshqarishda telefon, tele va videmonitorlardan foydalanish hamda ularni o`zboshimchalik bilan o`rnatish taqiqlangani, xavfsizlik kamaridan foydalanishga doir talabning kuchaytirilgani, yo`l harakati qoidasini buzganlik uchun jarima miqdorining oshirilgani bu boradagi ishlarni yaxshilashda muhim omil bo`layotir. Biroq, yo`l-transport hodisalarini kamaytirish, inson salomatligi va hayotini saqlash maqsadida profilaktika ishlari samaradorligini oshirish muhimligini qayd etish lozim. Masalan, bu borada o`quv yurtlarida yoshlarga yo`l harakati qoidalari bo`yicha boshlang`ich bilim berilmoqda. Umumta`lim maktablarida yosh harakat xavfsizligi inspektorlari va yosh avtoinspektorlar klublari faoliyat ko`rsatmoqda. Ushbu klublar a`zolarining harakat xavfsizligi bo`yicha xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani ular ishining samaradorligidan dalolat beradi. «Diqqat, bolalar!», «Ta`til», «Diqqat, yo`lovchi!», «Yashil chiroq» kabi tadbirlarning muntazam o`tkazilayotgani bolalar va o`smirlarga yo`l qoidalarini o`yin shaklida, aniq vaziyatlar misolida tushuntirishga yordam berayotir, deya xabar beradi O`zA. Bundan tashqari, barcha umumta`lim maktablari va maktabgacha tarbiya muassasalarida yo`l harakati xavfsizligi bo`yicha maxsus o`quv xonalari tashkil etilmoqda. 2015 yilgacha mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida maxsus avtoshaharchalar, ta`lim muassasalarida esa bolalar yo`l harakati qoidalari bo`yicha olgan bilimini mustahkamlaydigan avtomaydonlar tashkil etish rejalashtirilgan. Bolalarga yo`l harakati qoidalarini o`rgatadigan o`qituvchi va tarbiyachilarni tayyorlash, qayta tayyorlashga ham jiddiy e`tibor berilmoqda. Tahlillar shuni ko`rsatadiki, yo`llarda bolalar ishtirokidagi yo`l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan tadbirlar samarali natijalar berayotir. Misol uchun, 2013 yilning to`qqiz oyida bolalar ishtirokidagi yo`l-transport hodisalari soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan 4,5 foiz qisqargan. Shuningdek, halok bo`lgan bolalar soni 1,8 va jabrlangan bolalar soni esa 5,6 foiz kamaygan.





