8 avgust kuni O`zbekiston yoshlar ittifoqi va Kinematografiyani rivojlantirish markazi o`rtasida anglashuv Memorandumi imzolandi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi “O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-3138-sonli Qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha o`zaro hamkorlikda olib boriladigan ishlar belgilab olindi.
Shundan so`ng Yosh kinoijodkorlar uyushmasi a`zolarining ilk mahsuloti – “Welcome to Bukhara” nomli imidjli viderolikning taqdimoti o`tkazildi.
Mazkur videorolik yig`ilganlarda kuchli taassurot qoldirdi. Dunyo standartlariga to`liq javob bera oladigan mazkur viderolik ustida 50 kishilik guruh ishlagan bo`lib, suratga olish jarayonlari ikki hafta davom etgan. Biroq videorolik loyihasi ustida ijodiy guruh ikki oydan ortiq mehnat qildi. Videorolik uchun alohida musiqa bastalangan bo`lib, unda birorta ham tasodifiy kadr olinmagan, barcha kadrlar yuqori saviyada sahnalashtirilgan.
Videorolik g`oyasi muallifi hamda rejissyori o`zining “Ona” (“U”) qisqa metrajli filmi bilan tanilgan Muxlisa Azizova bo`lib, u mazkur ishida Buxoroning go`zalligi-yu, turistik salohiyatini nafaqat tarixiy obidalar, balki insonlar chehrasidagi baxt, quvonchda aks ettira olgan va bu bilan loyiha oldiga qo`yilgan maqsadga erishgan.






