AsosiyDunyo

​ETIM-ESIRLAR ONASI

'​ETIM-ESIRLAR ONASI'ning rasmi

Bu mo``tabar ayol boshiga tushgan azoblarga qaramay, 1400 dan ziyod etim bolalarni oyoqqa turg`azdi, deb xabar berdi Pozitivno.me nashri.

“Kimniki hech kimi yo`q ekan, men o`shaning onasiman”, ­– deydi o`zi haqida oltmish sakkizni qoralagan Sapkal. Hindistonda uni “Etim-esirlar onasi” deb atashadi. Bu ayol turli sabablarga ko`ra ota-onasiz va vasiysiz qolgan 1400 dan ko`proq bolani voyaga etkazib, ta`lim olishlariga yordam bergan, shuningdek, baxtli oila qurishlariga ham madad qo`lini cho`zgan. Umri davomida 750 ta mukofot olgan, lekin onaizor boqib olgan bolalarining mehr-muhabbatini asosiy mukofot deb biladi.

Sapkal onaning boshiga ne kunlar tushmadi deysiz: nochor oilada dunyoga kelgan qizaloq to`qqiz yoshida maktabni tashlashiga to`g`ri keldi. Nega desangiz, u yigirma yashar yigitga turmushga chiqishga hozirlik ko`rishi kerak edi, axir, bu naf keltiradigan nikoh, deb hisoblayotgan ota-onaning ra`yiga qarshi borib bo`larmidi?! O`n yillik oilaviy turmushdan so`ng Sapkal homilador bo`ladi, ammo toshbag`ir eri uni ko`zi yorish arafasida ko`chaga haydab soldi. Hatto boyaqishning o`z ota-onasi ham bechora molxonada tug`ib, kindik ichakchasini qirrali tosh bilan kesishiga to`g`ri kelganini o`ksib-o`ksib aytganida ham qo`lida go`dak ko`targan qizlarini qabul qilishmaydi.

Sapkal sarson-sargardonlikda kun kechira boshlaydi. Bir tishlam non topish uchun qo`lida qizalog`i bilan vokzallarda qo`shiq kuylaydi. Ana shunda Sapkal ilk bora atrofida qancha-qancha etim bolalar borligini ko`radi. Bu yoshgina juvon ularga rahmi kelib, bir tishlam nonini-da etim-esirlar bilan baham ko`radi. Ammo Sapkalni tushkunlik tark etmaydi, qashshoqlik girdobidan qanday qilib chiqib ketishni bilmay yuragiga xarsangtosh cho`kadi. Ba`zan xayoliga o`z joniga qasd qilish, hatto norasidasini ham o`ldirish fikri keladi. Ana shu shum niyatini amalga oshirishga tayyor bo`lganida, tashnalikdan o`layozgan gadoni uchratib qoladi. Sapkal bu dunyoni tark etishdan avval savob ish qilishga qaror qiladi va gadoning qornini to`ydirib, suv beradi. Gado esa Sapkalga etti bukilib minnatdorlik bildiradi. Mana shu narsa Sapkalni shum niyatidan qaytaradi, o`zining Zamindagi burchi va vazifasi nochorlarga yordam berish ekanligini tuyqus anglab etadi. Sapkal tushkunlikni engib, o`zini qo`lga oladi.

Sapkal ona asrab olgan etim-esirlar orasida daydi bolalar, axlat baklaridan topib olingan chaqaloqlar ham bor edi. U umri davomida 1400 nafar bolaga yordam berdi.

    Boshqa yangiliklar