Italiyaning shimoliy tumanlarida ro`y bergan dovul oqibatida 4 kishi halok bo`ldi, 2 kishi bedarak yo`qoldi, deb xabar berdi Ntv.ru nashri.
Ikki erkak ustiga daraxt qulashi oqibatida halok bo`ldi. Halok bo`lganlardan biri Belgiya fuqarosidir.Trentino viloyatida yana bir erkak chaqmoq urishi, Breshia viloyatida yashovchi qiz esa tog`li so`qmoqda kuchli suv oqizib ketishi oqibatida halok bo`ldi. O`nlab odamlar turli darajadagi tan jarohati olishdi. Garda ko`lida dovul tufayli elkanli yaxta ag`darilib, yaxtada bo`lgan erkak bedarak yo`qoldi.
Italiyaning shimoliy qismida momoqaldiroq, dovul bilan birga kuchli yog`ingarchilik kuzatildi. Minglab odamlar chiroqsiz qoldi. Aksariyat yo`llarni suv yuvib ketdi. Voqeaga guvoh bo`lganlar va sayyohlar ko`chki, buzilgan yo`llar aks etgan kadrlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi. Mahalliy hukumat tiklash-ta`mirlash ishlariga kirishdi.






