AsosiyJamiyat

​TOShKENTDA TEMIRYO`LChILAR BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TANTANALI TADBIR BO`LIB O`TDI

'​TOShKENTDA TEMIRYO`LChILAR BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TANTANALI TADBIR BO`LIB O`TDI'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 2 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasi temir yo`l transporti xodimlari kunini nishonlash to`g`risida”gi farmoniga muvofiq joriy yildan boshlab avgust oyining birinchi yakshanbasi “O`zbekiston Respublikasi temir yo`l transporti xodimlari kuni” deb e`lon qilindi. Shu munosabat bilan poytaxtimizda tantanali tadbir bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga bayram tabrigini O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov o`qib eshittirdi, deb yozadi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.Ramatov va boshqalar istiqlol yillarida mamlakatimiz temir yo`l transporti sohasi murakkab yo`lni bosib o`tganini, mamlakatimiz hududlarini ishonchli bog`laydigan, xalqaro transport yo`laklariga chiqish imkonini beradigan temir yo`l transporti kommunikasiyalarining yaxlit tizimi barpo etilganini ta`kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev shu yil 10 mart kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog`ida Buxoro – Miskin temir yo`l qurilishining borishi bilan tanishib, tarmoqdagi ishlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalarini berdi. Umumiy uzunligi 355 kilometrni tashkil etadigan mazkur temir yo`lning 335 kilometri tamomila yangidan bunyod etilmoqda. Mazkur temir yo`lning qurib, foydalanishga topshirilishi bilan poezdlar qatnovi qariyb 75 kilometrga qisqaradi.

Qarshi va Termiz oralig`idagi temir yo`lni elektrlashtirish ishlari avj pallasida. Uzunligi 325 kilometrni tashkil etadigan mazkur yo`lning 183 kilometri to`liq elektrlashtirildi. Urganch – Xiva yangi temir yo`li qurish va elektrlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Temir yo`l vokzallarini zamonaviy talablar asosida qayta qurish, yo`lovchilarga xalqaro talablar darajasida xizmat ko`rsatish imkonini beradigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. O`tgan davrda mamlakatimizda 16 yangi temir yo`l vokzali bunyod etildi, 9 vokzal rekonstruksiya qilindi. Hozirgi paytda Toshkent shahridagi Janubiy vokzalni rekonstruksiya qilish, Xiva va Namangan shaharlarida zamonaviy vokzallar qurish bo`yicha ishlar davom etmoqda.

Qurilish-bunyodkorlik ishlarida ham temiryo`lchilarning hissasi salmoqli bo`layotir. Turli murakkablikdagi yo`llar, ko`priklar, estakadalar bunyod etishda katta tajriba to`plagan “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasi bugun o`ta murakkab qurilish – er usti va er osti metropolitenlarini barpo etishga kirishgan. Poytaxtimizning Sergeli tumanini shahar markazi bilan bog`laydigan olti bekatli er usti, Yunusobod tumanida er osti metropolitenini qurish ishlari olib borilmoqda.

Anjumanda Prezidentimizning shu yil 4 avgustdagi “Mamlakatimiz temir yo`l sohasi xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to`g`risida”gi farmoniga muvofiq bir guruh temiryo`lchilarga davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari topshirildi.

– Davlatimiz rahbarining farmoni bilan joriy yildan boshlab har yili avgust oyining birinchi yakshanbasi temir yo`l transporti xodimlari kuni sifatida nishonlanishi bizga cheksiz g`urur baxsh etdi, – deydi “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatining “O`ztemiryo`lmashta`mir” unitar korxonasi bosh direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Nusratillo Abdullaev. – Bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo`lish, zimmamizdagi mas`uliyatni teran anglash, xalqimiz manfaati yo`lida sadoqat bilan xizmat qilishga va`da beramiz.

Tadbirda taniqli san`atkorlar va ijrochi yoshlarning konserti namoyish etildi.

    Boshqa yangiliklar