AsosiyJamiyat

O`zbekistonda yana bir tog`-chang`i kurorti ochiladi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2013-2015 yillarda Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to`g`risida”gi Qarori qabul qilindi. Bu haqda “O`zbekturizm” Milliy kompaniyasi xabar beradi. 

Mazkur hujjatda ushbu viloyatning turistik salohiyatini oshirishga doir qator chora-tadbirlar belgilangan bo`lib, unga muvofiq, Qashqadaryodagi tarixiy-madaniy obidalarni asrab avaylash, ta`mirlash, ulardan turizm rivojida foydalanish, hududda yangi mehmonxonalar va turistik ob`ektlar qurish, transport infratuzilmasi va sayyohlarga xizmat ko`rsatish faoliyatini tubdan yaxshilash ko`zda tutilmoqda. “O`zbekturizm” Milliy kompaniyasi prognozlariga ko`ra, mazkur dasturni amalga oshirish natijasida 2016 yilga borib viloyatga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar soni 1.4 baravar oshadi.

Dasturga muvofiq, Qashaqadaryoning turistik salohiyatini oshirish maqsadida turli manbalar hisobidan 101 mln. AQSh dollari miqdorida mablag` ajratish rejalashtirilgan.

Xususan, 20 ta yangi turistik avtobuslar sotib olish, “Qarshi” aeroportida sayyohlarga xizmat ko`rsatishga mo`ljallangan zal ochish, “Kitob” temir yo`l bekati binosini ta`mirlash, viloyatning turli tumanlarida 30 dan ortiq yangi mehmonxonalar qurish va mavjudlarini jahon andozalariga mos ravishda rekonstruksiya qilish ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari mazkur Qarorga asosan Kitob tumanining Mingchinor qishlog`ida yangi tog`-chang`i kurorti va kanat yo`li ochilishi ham rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar