«Chelsi» jamoasi rasmiy sayti orqali klub yarim himoyachisi Robert Kenedining haqoratomuz posti tufayli Xitoy xalqidan uzr so`radi, deb yozadi Tribuna.uz.
OAVdagi ma`lumotlarga ko`ra, 21 yoshli futbolchi «Arsenal»ga qarshi Pekinda bo`lib o`tgan o`rtoqlik uchrashuvi vaqtida hushtakbozlikka uchragandi. Bunga u «Instagram»dagi sahifasida ish joyida uxlab qolgan xitoylik qo`riqchi ustidan kulib, xitoyliklarning hamiyatiga tekkani sabab bo`lgan.
«Chelsi» futbol klubi Xitoy xalqidan futbolchining ijtimoiy tarmoqdagi haqoratomuz posti uchun uzr so`raydi. 22 iyul kuni klub xitoylik muxlislar tomonidan iliq va do`stona qarshi olindi. Ammo biz yosh futbolchilarimizdan biri Kenedining ijtimoiy tarmoqdagi postidan hayronmiz, u bu ishi orqali xitoyliklarning tuyg`ularini haqoratlagan.
Futbolchimiz bu postini tezda o`chirgan va uzr so`ragan bo`lsada, afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda bu hodisa keng tarqalib ketdi. «Chelsi» bu holat uchun uzr so`raydi. Kenedining harakati xato edi, uning harakati butun jamoa futbolchilari yoki klubning pozisiyasini bildirmaydi. Kenediga qat`iy tanbeh berildi», — deyilgan londonliklar klubi rasmiy saytidagi ingliz va xitoy tillarida keltirilgan murojaatda.
Kenedining o`zi ham rasman uzr so`ragan.
«Men o`zini haqoratlangan sezgan xitoylik kishilardan uzr so`ramoqchiman.Men kimnidir kamsitish yoki xafa qilish niyatida bo`lmaganman, ammo endi ko`rmoqdamanki, bu hazil boshqacha tushunildi. Aytishni istardimki, xitoyliklar va bu mamlakatni chuqur hurmat qilaman.
Men shuningdek, «Chelsi»dan va jamoadoshlarimdan ularni noqulay ahvolda qoldirganim uchun uzr so`rayman», — deya yozgan Kenedi o`z «Instagram»ida.






