AsosiyJamiyat

​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV PARKENT TUMANIDA XALQ BILAN MULOQOTDA BO`LDI

'​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV PARKENT TUMANIDA XALQ BILAN MULOQOTDA BO`LDI'ning rasmi

Davlatimiz rahbari Parkent tumani Guliston mahallasida yashovchi Aminjon ota Muhammadjonovning bog`ida bo`ldi.

74 yoshni qarshilagan Aminjon bobo umr yo`ldoshi Ixtibor momo bilan besh farzandni tarbiyalab, voyaga etkazgan. Farzandlarining barchasi oliy ma`lumotli. Nuroniylar bugun 14 nevara, 3 evarasi ardog`ida.

Aminjon ota farzandlari bilan "Zuhra ona plyus" xususiy korxonasini tashkil etgan. Mahalladagi qariyb 3 gektar erda manzarali daraxtlar va butalar ekib, bog` yaratgan.

Shavkat Mirziyoev bog`ni kirib ko`rdi. Shunday ajoyib bog` yaratgani, xorijdan ko`chatlar olib kelib, yurtimiz sharoitida ko`paytirayotgani uchun Aminjon boboga minnatdorlik bildirdi, deb yozadi O`zA.

Odamning qo`li gul degani mana shu, dedi davlatimiz rahbari. Bu bog` Vatanni sevishning, mehnatsevarlikning yaqqol namunasi. Otaxonning tajribasini o`rganish, odamlarga ibrat qilib ko`rsatish kerak. Bu kishi qishloq xo`jaligi sohasidagi ta`lim muassasalarida dars bersin, odamlar kelib bu ishlarni o`rgansin.

Prezidentimiz bog`da mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

Davlatimiz siyosatining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, Toshkent viloyatini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan rejalar haqida so`z yuritildi.

Nuroniylar xalq bilan muloqot qilib, inson manfaatlarini ta`minlashda shaxsan namuna bo`layotgani, Toshkent viloyatini rivojlantirish, odamlar turmush farovonligini oshirishga qaratayotgan e`tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Boshqa yangiliklar