Xalq ta`limi vazirligi tomonidan qishloq joylardagi maktabgacha ta`limga qamrab olinmagan 3–6 yoshli farzandlari bo`lgan oilalarga 7 nomdagi kitoblar bepul tarqatilmoqda.
Ushbu to`plamga qiziqarli ertak va she`rlar jamlangan bo`lib, har bir ertak, rivoyat va she`rdan so`ng berilgan savol va topshiriqlar kichkintoylarning asar g`oyasini chuqurroq anglashiga, voqea-hodisalar haqida mulohaza yuritib, fikrini erkin ayta olishi, mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishiga yordam beradi.
Kitoblar to`plami birinchi bosqichda 200000, ikkinchi bosqichda 153000 oilaga tarqatiladi. Shu maqsadda “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy bo`linmalari va hududiy xalq ta`limi boshqaruvi idoralari tomonidan oilalarning ro`yxati shakllantirildi. Bunda ulardagi maktabgacha ta`limga qamrab olinmagan 3–6 yoshli bolalar soni, oila joylashgan mahallaning tuman markazidan uzoqligi, oilaning kam ta`minlanganligi kabi jihatlar hisobga olindi.
Kitoblar to`plami oilalarga eng yaqin joylashgan maktabgacha ta`lim muassasalari orqali tarqatiladi. Buning uchun respublika bo`yicha 2144 ta maktabgacha ta`lim muassasasi tanlab olindi. Tegishli tavsiyanomaga ko`ra, to`plam ota-onalarga muassasada tuzilgan ishchi guruh tomonidan tarqatiladi.
Ishchi guruh a`zolari kitoblarni ota-onalarga tarqatish chog`ida foydalanish metodikasi yuzasidan tushuncha beradi. Loyihaga ko`ra, maktabgacha ta`lim muassasasining pedagoglari har oyning belgilangan kunlari bolalar bilan uchrashib, har bir kitobdan to`g`ri foydalanish bo`yicha mashg`ulotlar o`tkazadi.
Ayni paytda barcha kitoblar belgilangan maktabgacha ta`lim muassasalariga etkazib, oilalarga tarqatish jarayoni boshlandi, deya xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati.






