Milliy matbuot markazida joriy yil 25-30 avgust kunlari Samarqand shahrida bo`lib o`tadigan an`anaviy "Sharq taronalari" XI xalqaro musiqa festivaliga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o`rinbosari K.Oqilova va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997 yilda tashkil etilgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali dunyoning eng nufuzli san`at forumlari qatoridan joy olganini ta`kidladi, deb yozadi O`zA.
Mazkur festival milliy musiqa san`atini rivojlantirishga hissa qo`shish bilan birga, jahonning turli mamlakatlari xonandalari, musiqashunoslari, badiiy jamoalari ijrochilarining o`zaro fikr va tajriba almashadigan, san`atimizni bor go`zalligi va jozibasi bilan namoyon etadigan betakror bayramga aylandi. Xalqlar o`rtasida do`stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Festival ezgu g`oyalari, yuksak va ko`tarinki saviyasi bilan yildan yilga nufuzi oshib bormoqda. Birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo`lsa, bu yilgi festivalda 60 ga yaqin mamlakatdan badiiy jamoalar, yakkaxon xonandalar, musiqashunoslar, olimlar qatnashishi kutilmoqda.
Festival doirasida "Sharq xalqlari musiqa madaniyatida milliy an`analarning shakllanishi va rivojlanishi" mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya o`tkazilishi ko`zda tutilgan. Shu kunlarda Samarqand shahrida festivalni ko`tarinki ruhda o`tkazishga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda. Festival doirasida Urgut, Tayloq, Jomboy, Pastdarg`om tumanlarida ham musiqiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, muloqotlar, konsertlar bo`lib o`tadi.






