Ayni damda Toshkent shahridagi Inha universitetida (IUT) kirish imtihonlari bo`lib o`tmoqda.
Universitet rahbariyati 20-21 iyul kunlari bo`lib o`tadigan imtihonlarni kuzatishni istaganlar uchun imkoniyat yaratib, kirish imtihoni jarayonlarini real vaqt rejimi(online)da namoyish etmoqda.
Eslatib o`tamiz, 2016 yili IUT O`zbekistonda birinchi marotaba keng jamoatchilik uchun universitetning “Facebook” dagi rasmiy sahifasi hamda maxsus sahifa orqali kirish imtihonlarining video-strimingini tashkil etgan edi.
Universitet bu yil ham kirish imtihonlarining video-strimingini tashkil etdi. Barcha xohlovchilar kirish imtihonlari jarayonlarini live.inha.uz. havolasi orqali online kuzatishlari mumkin.
Kirish imtihonlari o`tkazilishi mo`ljallangan «O`zko`rgazmasavdo» binosida veb-kameralar o`rnatilgan, ular o`z navbatida onlayn tarzda kirish imtihonlarining barcha jarayonlarini ko`rsatadi.
Sahifa TAS-IX hududida joylashganligi sababli, video oqimning yuklanishdagi tezligini ta`minlaydi. Ko`pgina internet-provayderlar TAS-IX dagi trafiklarga haq olmagani uchun, foydalanuvchilarning mablag`lari tejaladi.
Loyiha “EastTelecom” va “InVideo.uz” kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkillashtirilmoqda. “EastTelecom” kompaniyasi loyihani amalga oshirish uchun internet kanalini taqdim etgan bo`lsa, “InVideo.uz” kompaniyasi video strimingni tashkil etishda ko`mak berdi.
Shuningdek, IUT universitetning “Facebook” ijtimoiy tarmog`idagi https://www.facebook.com/inha.uz rasmiy sahifasi orqali kirish imtihonlarining video-strimingini tashkil etmoqda.
Qayd etamiz, o`tgan yili bo`lgani kabi, IUT bu yil hamkirish imtihonlari jarayonlarining shaffofligi va ochiqligiga ishonch hosil qilishlari uchun, mazkur jarayonlarni kuzatish uchun ommaviy axborot vositalari vakillarini ham taklif qildi.






