AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

'​O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI'ning rasmi

Prezident Soliq ma`muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarning yig`iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida farmon imzoladi.

Zamonaviy talablarga javob beradigan soliq tizimi – iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, investisiya muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmatlar ko`rsatishni kengaytirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida soliq solish bazasini kengaytirish orqali soliq ma`muriyatchiligini soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish masalalari alohida o`rin tutadi.

O`tgan davr mobaynida tadbirkorlik sub`ektlarida tekshirishlarni qisqartirish va ularning faoliyatiga asossiz aralashishlarga barham berish bo`yicha zarur choralar ko`rildi. Tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirish tartiblari bekor qilindi, hisobotlarning shakli va taqdim etish muddatlari soddalashtirildi.

Shu bilan birga, soliq ma`muriyatchiligini amalga oshirishda bir qator muammolar mavjudligi sababli Farmon bilan davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh qilishning quyidagi muhim yo`nalishlari belgilandi:

soliq ma`muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari va ilg`or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to`lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub`ektlariga to`g`ridan-to`g`ri muloqotsiz elektron xizmat ko`rsatishga to`liq o`tish;

soliq solish ob`ektlari va soliq solinadigan bazaning o`z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta`minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog`liq bo`lgan ishonchli axborotini o`z muddatida taqdim etish bo`yicha mas`uliyatini oshirish;

soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to`lovchilarga har tomonlama ko`maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta`sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to`lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;

makroiqtisodiy ko`rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish ob`ektlarini to`liq qamrab olish va soliq solinadigan bazani kengaytirishni ta`minlash bo`yicha samarali tadbirlarni amalga oshirish;

faoliyat ko`rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko`maklashish, past rentabelli va zarar ko`rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog`lomlashtirish, o`zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo`l qo`ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish;

soliq solish masalalari, shu jumladan respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning qo`shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish;

kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yish, soliq organlarini yuqori ma`naviy-axloqiy sifatlarga ega malakali xodimlar bilan to`ldirish bo`yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta`minlash va ular uchun xizmatni o`tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish.

Farmon bilan soliq organlari va halol soliq to`lovchilar o`rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko`maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etilmoqda.

Ilg`or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yirik xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga o`z vaqtida va samarali xizmat ko`rsatish maqsadida ular bo`yicha soliq ma`muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalariga yuklatilmoqda.

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to`qnash kelgan halol soliq to`lovchilar – xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga soliq ta`tillari berish tarzidagi davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning yangi shakli nazarda tutilmoqda. Shuningdek soliq to`lovchi tomonidan ortiqcha to`langan soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni qaytarish yoki hisobga olish muddati ikki baravarga qisqartirilmoqda.
Farmon bilan 37 ta banddan iborat Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma`muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Nazarda tutilgan tadbirlarni o`z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida Soliq qonunchiligi va soliq ma`muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo`yicha Ishchi komissiya tashkil etildi.

Farmonga muvofiq, 2018 yilning 1 yanvariga qadar tadbirkorlik sub`ektlarini elektron raqamli imzo bilan, shuningdek soliq to`lovchilarga soliq organlarining barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini to`liq ta`minlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Farmon qoidalarining amalga oshirilishi soliq ma`muriyatchiligini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi, uning shaffofligini ta`minlaydi, bu esa, shubhasiz, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida o`z aksini topadi.

Farmonning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.

    Boshqa yangiliklar