O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirining ish boshlaganiga ko`p bo`lmagan yosh o`rinbosari Alisher Sa`dullaev tashabbusi bilan yangi loyiha start olmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur loyiha haqida batafsil Alisher Sa`dullaevning o`zi Feysbukda tashkil etilgan sahifasida shunday deb yozadi:
"Tez kunda: Sizning g`oyangiz maydoni! Muhtaram Prezidentimiz e`tirof etganlaridek, yaqindagina tashkil etilgan «Xalqaro Press-Klub» shaffoflik va muloqot o`rnatish orqali davlatimiz rivojlanishiga ulkan hissa qo`shmoqda. Ushbu klub faoliyatidan ilhomlanib, mening tashabbusim bilan Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Yoshlar Ittifoqi hamda «Yoshlar» telekanali bilan hamkorlikda yangi loyiha ish boshlaydi. Loyiha O`zbekiston ilm-fan, sport, san`at va madaniyatiga oid eng ilg`or g`oyalarni ommaviy uzatish va tinglashga imkon yaratib beruvchi platforma bo`lib xizmat qiladi. Oddiy dehqondan tortib vazirgacha bo`lgan xohlovchilar «Yoshlar» telekanalida taqdimot qilishlari orqali o`zining ibratli g`oyalari, tajribasi va hikoyalarini omma bilan baham ko`ra oladi. Misollar: poyabzal ishlab chiqaruvchisining biznes faoliyati; o`qituvchi o`zi ishlab chiqqan, rusiyzabonlarga o`zbek tilini o`rganishlari bo`yicha qo`llanmasining taqdimoti; shahar hokimining o`z faoliyati davomida duch kelgan ibratli, barchani larzaga soladigan hikoyasi; ilmiy xodimning ixtirosi; o`lim bilan olishib tirik qolgan bemorning tashakkuri; talabaning «Start up» g`oyasi; o`t o`chiruvchisining oilasi va hayoti; doimo kulib yuradigan bog`bon maslahatlari; jurnalistning jasorat hikoyasi; O`zbekistonda ekstremal sport va boshqalar. Loyihaning maqsadlari fikrlar va g`oyalarni bir joyga jamlab, ovoza qilish, ularning bazasini yaratish, ijtimoiy birdamlik hamda faollikni kuchaytirish, hamfikr insonlarni bir-birlarini topib, aloqa o`rnatishlarida yordam berish va bu orqali g`oya egalarini, ayniqsa yoshlarni ruhlantirish va qo`llab-quvvatlashdan iborat. Loyihaning xalqaro muqobili – TED (www.ted.com) platformasidan farqi shundaki, uning asosiy faoliyati internet emas, balki televidenie kanali orqali olib boriladi va bu bilan keng omma qamrovi ta`minlanadi."
Ayni damda vazir o`rinbosari o`z jamoasi bilan loyihaning tartibi, nizomi hamda ishtirokchilar/taqdimotchilar uchun standard ko`rsatmalarni ishlab chiqmoqda.






