O`zbekiston Prezidenti Virtual qabulxonasi va Toshkent shahar hokimiyati xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh mashhur o`zbek bokschisi Rufat Risqievning xonadonida bo`lib qaytdi.
Tashrif davomida unga amaliy yordam ko`rsatish masalalari o`rganib chiqildi. Rufat Asadovich xaqiqiy sportchilar singari eng og`ir damlarda ham hech kimdan yordam so`ramaganini aytdi.
Shunga qaramay tegishli tashkilotlarga uning uyidagi muammolarni o`rganib chiqish, Rufat Risqievga zarur vositalarni taqdim etish va zarur holda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda tibbiy yordam ko`rsatish topshirilgan. Ushbu masalalar Virtual qabulxonaning nazoratiga olindi, bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog`ining “Xalq bilan muloqot /Dialog s narodom” sahifasida ma`lum qilindi.
Ta`kidlash joizki, o`tgan yilning sentyabr oyida Rufat Risqievning oyog`i venalar trombozining og`irlashishi tufayli amputasiya qilingan.
MA`LUMOT UChUN
67 yoshli Rufat Risqiev 1974 yilda Gavanada jahon chempioni bo`lishga erishgan. U shuningdek, 1976 yilgi Monreal Olimpiadasida finalga qadar etib borgan yagona sovet bokschisi hisoblanadi. Rufat Risqiev – Jahon chempioni va Olimpiya o`yinlarining kumush medali sovrindori. AQSh, Kuba, Avstriya, Yugoslaviya, Ispaniyada o`tkazilgan xalqaro turnirlar g`olibi. Markaziy Osiyodagi ilk xalqaro toifadagi professional boks sudyasi. “Hurmat Belgisi”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” ordenlari kavaleri. Yaqin o`tmishda – O`zbekiston Professional boks federasiyasining vise-prezidenti, ayni paytda – oddiy pensioner.






