Senegalning poytaxti bo`lmish Dakar shahridagi tiqilinch va devor qulashi oqibatida 8 kishi halok bo`ldi, 50 kishi yaralandi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Fojia Demba Diop stadionida — Stade de Mbour va Union Sportive Ouakam jamoalari o`rtasida mahalliy chempionlar ligasi futbol matchi paytida ro`y berdi. Jamoalar durang 1:1 natijaga ega bo`lgach, hakam qo`shimcha vaqt berdi. Jamolardan biri darvozaga to`p urgach, final hushtagi yangradi. Aynan shu vaqtda muxlislar o`rtasida ko`tarilgan janjal ommaviy to`qnashuvga aylandi. Polisiyaning ko`zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangani olomon o`rtasida vahima ko`tarilishiga sabab bo`ldi. Odamlar chiqish eshigiga yopirilgani bois tiqilinch yuzaga keldi. Devorlardan biri bosimni ko`tara olmay, ag`darilib ketdi.






