AsosiySalomatlik

OG`RIQ, OPERASIYa VA HOMILADORLIK. 5 SAVOLGA 5 JAVOB

'OG`RIQ, OPERASIYa VA HOMILADORLIK. 5 SAVOLGA 5 JAVOB'ning rasmi

"NOXUSh HIDDAN BEZORMAN"

– Og`zimdan noxush hid keladi. Onam stomatolog bo`lgani bois bu tishlarim bilan bog`liqmasligini aniq bilaman. Balki muammo tomog`imdadir deb lor shifokoriga bordik. U tomog`imni yuvganidan keyin og`izdan yoqimsiz hid kelishi to`xtadi. Ammo bir haftadan so`ng yana eski holat boshlandi. Shuni deb odamlar bilan muloqot qilishga qiynalaman. Bu yoqimsizlikdan qanday qilib qutulish mumkinmi?

S. A., Toshkent viloyati

Savolga umumiy amaliyot shifokori Yulduz KARIMJONOVA javob beradi:

-Lor ko`rigidan o`tib, sizda bodomcha bezlarining yallig`lanishi, burun-xalqum kasalliklari bor-yo`qligini atroflicha tekshirtirish kerak. Bundan tashqari, gastroenterolog va endokrinolog ko`rigidan o`tishni maslahat beraman. Chunki bu holatga oshqozon osti bezi, gastrit, xolesistit kabi kasalliklar hamda oshqozonda safro yig`ilishi sababchi bo`ladi. Og`izdan aseton singari hid kelishi esa qandli diabet belgisidir. Shuning uchun to`laqonli tibbiy tekshiruvdan o`tishni tavsiya qilamiz. Oshqozon-ichak tizimi va nafas yo`llarini tekshirtirish va davolashdan keyin bu muammo sizni umuman bezovta qilmaydi. Og`izdagi hidni yo`qotish uchun achchiq tosh va vodorod peroksidi aralashmasidan og`izni chayqash tavsiya etiladi.

«FARZANDLI BO`LOLAMANMI?!»

Menda kista aniqlangach, chap tuxumdonimni olib tashlashdi. Bunga ham mana 4 oy bo`ldi. Kerakli muolajalarni oldim, har oy muntazam ravishda follikula yorilishi UTT tekshiruvi orqali nazorat qilinadi. Ammo homilador bo`lmayapman. Buqog`im bordir deb endokrinolog ko`rigidan o`tdim, hech nima aniqlanmadi. Nega bo`yimda bo`lmayotganini tushunmayapman?..

N.K., Farg`ona viloyati

Savollarga shifokor-ginekolog Nilufar BO`STONOVA javob beradi:

– Muammo turmush o`rtog`ingizda bo`lishi ham mumkin. Har holda operasiyadan keyin organizm tiklanishi uchun ma`lum vaqt o`tdi. Maslahatim er-xotin ikingiz to`laqonli tibbiy tekshiruvdan o`ting. Qo`shimcha ravishda kamqonlikka qarshi choralar, xususan qonda gemoglobinni ko`tarish, buqog`ingiz bo`lmasa-da, tarkibida yod va foliy kislotasi bo`lgan vitamin qo`shimchalar qabul qilish hamda infeksiya o`choqlari – chirigan kariesli tishlar hamda angina, gaymorit, jinsiy a`zolardagi yallig`lanishni davolang. Yana UTT tekshiruvida follikula hajmi 20 mm dan yuqori bo`lishiga ham ahamiyat berish kerak. Shundagina bu follikula tuxumhujayraga aylanishi mumkin.

«TOMOG`IMGA NIMADIR QADALAYaPTI...»

Bir necha oydan beri tomog`imda nimadir tiqilib turgandek bo`ladi. Yotganimda ham bo`g`ilib qolaman. Tomog`im tez-tez og`riydi, muzdek ichimlik ichsam, bezovtalik kuchayadi. Bu nima bo`lishi mumkin?

O.J., Samarqand viloyati

Savollarga shifokor-terapevt Shahnoza SAIDOVA javob beradi:

Odam qattiq asabiylashganda, mas`uliyatli holatdan cho`chiganda tomoqqa nimadir tiqilgandek bo`ladi. Agar tez jazavaga tushsangiz, balki gap shundadir. Yana tomoqdagi noxush belgilar buqoq kasalligida kuzatiladi. Maslahatim, nevropatolog va endokrinolog ko`rigidan o`ting.

«ENSAMDA OG`RIQ BOR!»

Uch kundan beri boshim orqasi (ensa) qismi bilan og`riydi. Shu paytda burnimdan qon oqadi, gapirishga qiynalaman, uyqumda ham halovat yo`q, buni ustiga tez charchab qolayapman. Qaysi shifokorga uchray?

D. E., Navoyi viloyati

Shifokor-nevrolog ko`rigidan o`tishingiz kerak. Bosh miya MRT tekshiruvi zarur. Tahlillar sizda miya ichki bosimi bor-yo`qligini aniqlash uchun olib boriladi. Barcha tekshiruvlar shifoxona sharoitida bajarilgani durust.

«OYoG`IMNI BOSOLMAY QOLDIM»

Mana bir haftadan beri oyog`imni tayinli bosolmayman. Nima bo`lganiga hayronman. Bungacha oyoqlarimning tovon qismida keskin og`riq sezardim. Bundan bir yil oldin miyam chayqalgandi, balki bu shuning asoratidir? Qon bosimim ham ko`tarilgan.

Savolga tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor-nevrolog Shukrulla JALILOV javob beradi:

Bu belgilar bosh miyada qon aylanishi buzilganda, umurtqa bel qismining osteoxondrozi, oyoq tomirlari kasalilklarida kuzatiladi. Siz shifokor-nevrolog va tomirli jarroh ko`rigidan o`tib, tezroq davolanishni boshlashingiz kerak.




    Boshqa yangiliklar