O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 iyul kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb yozadi O`zA.
Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Qozog`iston Prezidentini tug`ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
O`zbekistonda Prezident Nursulton Nazarboevni jahon miqyosidagi buyuk davlat arbobi va ulkan siyosatchi, mamlakatimizning yaqin do`sti va ishonchli hamkori sifatida yaxshi bilishi ta`kidlandi.
Bugun davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan keng ko`lamli dastur va loyihalar, raqobatbardosh iqtisodiyot, sanoat va qishloq xo`jaligi tarmoqlarining diversifikasiya va modernizasiya qilish asosida barqaror rivojlanayotgani, infratuzilmaning takomillashtirilayotgani Qozog`iston rahbariyati tomonidan uzoqni ko`zlab yuritilayotgan siyosatning samaradorligidan dalolat beradi.
Qozog`istonning xalqaro nufuzi muttasil ortib bormoqda. Iyun oyida ushbu mamlakatda natijalariga ko`ra tarixiy ahamiyatga ega Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo`lib o`tdi. 6 iyul sanasi Poytaxt kuni sifatida nishonlanadigan, rivojlanib borayotgan zamonaviy Ostonada "EKSPO – 2017" xalqaro ixtisoslashtirilgan ko`rgazmasi yuksak darajada o`tmoqda.
Suhbat chog`ida davlat rahbarlari joriy yilda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning muhim jihatlarini muhokama etdilar.
Barcha sohalarda o`zaro hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ko`paydi, Toshkent, Ostona va Olmaota shaharlari o`rtasida poezd qatnovi yo`lga qo`yildi, poytaxtlarimiz o`rtasida aviaqatnov ko`paydi, avtobus qatnovini qayta tiklash masalasi ko`rib chiqilmoqda. Mamlakatlarimiz hududlari o`rtasida o`zaro sheriklik munosabatlari yo`lga qo`yilib, izchil rivojlanmoqda.
Tomonlar o`zlarini qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Muloqot so`ngida O`zbekiston Prezidenti Qozog`iston rahbarini yana bir bor samimiy tabriklab, mustahkam salomatlik, baxt-saodat va yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Qozog`iston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Suhbat an`anaviy samimiylik va do`stona ruhda o`tdi.






