AsosiyShou-biznes

​Ziyoda o`g`il farzand tarbiyalashning mas`uliyati haqida gapirdi

'​Ziyoda o`g`il farzand tarbiyalashning mas`uliyati haqida gapirdi'ning rasmi

“Javob bering” loyihasining bu galgi mehmonlari O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Ulug`bek Rahmatullaev va Ziyoda Qobilovalar. Yaqinda birgalikda “Meni sev” qo`shig`ini kuylagan ijodkorlar, o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan bir- birlariga murojaat etishdi.

Ulug`bek Rahmatullaevning Ziyoda Qobilovaga savollari:

  • Oilangizda qizlar ko`pligini bilaman. Bugun esa ikki o`g`il farzandning onasisiz. Aytingchi, o`g`il bolani tarbiyalashda qiynalmayapsizmi? Nimalarga ko`proq ahamiyat beryapsiz?
  • Sizni Umida Mirhamidovaning shogirdi deyishadi, shu rostmi? Va qachon ular bilan duet kuylashni rejalatirgansiz?
  • Aytingchi, ayollarning hammasi ekstremal sport turlariga o`ch bo`lishadimi yoki faqat mening rafiqamda shundaymi? Doim parashyutdan sakraylik deyaveradi-da...
  • Shaxsan men, san`at va ish deb bolalarimning yonida ko`p bo`la olmayotganimdan achinaman. Sizda ham shundaymi?
  • Ayni paytda qaysi orzuingizni amalga oshirishni istayapsiz?

Ziyoda Qobilovaning javoblari:

  • Kenjamiz hali kichkina, lekin katta o`g`lim Komron doim o`z aytganini qildirgisi keladi. Lekin u aytgan hamma narsani muhayyo qilish to`g`ri emasligini bilamiz va iloji boricha qattiqqo`lroq bo`lishga harakat qilamiz. Ammo u gap-so`zlari bilan bizni “eritishni” biladi. Bola besh yoshgacha podshoh, deyishadi. Erkalik qilib tursin, keyin qat`iyroq bo`lamiz.
  • Ha, Umida Mirhamidova ustozim, qo`limdan tutib san`at yo`liga boshlaganlar. Duetga kelsak, “Oq atir gullar”ni birgalikda “Mening yurtim” telekanalining loyihasida ijro etgan edik. Xabaringiz yo`q, shekilli. Kelajakda yana hamkorlik qilish niyatimiz bor...
  • Boshqalarni bilmadim-u, lekin men balandlikdan sakrash, tez yuruvchi attraksionlardan qo`rqaman. Nazarimda, bu odamning xarakteridan kelib chiqqadigan qiziqish bo`lsa kerak.
  • Hamma ota-ona farzandi bolaligida ko`proq yonida bo`lgisi keladi. Lekin san`atkorning ishida tartib yo`q. Bu aksariyat hamkasblarimizni qiynayotgan muammo. Ona sifatida bolalarimning yonida ko`proq bo`lishga harakat qilaman. Shu sabab farzandimiz bittaligida o`zimiz bilan olib yurardik. Hozir ikkita bo`lgani uchun birga olib yurishimiz qiyin. Lekin shunday bo`lsa-da, ular bilan o`ynashga, bo`sh vaqtim bo`lganda, dam olishga birga borishga harakat qilaman.
  • Shukr, orzularimga erishib kelyapman, qiz farzand ko`rish istagim ham amalga oshadi deb niyat qilaman.

Ziyoda Qobilovaning Ulug`bek Rahmatullaevga savollari:

  • "Meni sev" duetini kuylash haqida o`zingiz taklif bildirgan bo`lsangiz ham, unga klip suratga olishni uzoq o`yladingiz. Nega?
  • Bundan bir necha yil ilgari kuylagan duetimiz juda ommalashgani esingizdami? "Meni sev" ham uning muvaffaqiyatini qaytaradi, deb o`ylaysizmi?
  • Uchinchi farzandingizning dunyoga kelishi hayotingizda nimalarni o`zgartirdi?
  • Tajribamdan bilaman qarindoshlar bilan ishlash oson emas. Sizning ham prodyuseringiz ukangiz... Birga ishlashda muammolar kelib chiqmaydimi?
  • O`zingiz haqingizdagi qaysi tanqiddan xafa bo`lgansiz?

Ulug`bek Rahmatullaevning javoblari:

  • Klip suratga olish kerakmi yoki yo`q degan ikkilanish bo`lgani yo`q. Lekin muxlislar ko`proq “Qirmizi olma” qo`shig`imga qiziqishgani sabab birinchi unga klip suratga olgandim. Shuning uchun ishimiz biroz cho`zildi. Lekin asosiysi, bugun qo`shig`imizning klipi bor. Muxlislarga ma`qul keldi, asosiysi ham shu.
  • Haqiqatdan ham birinchi hamkorligimiz kutilgandan ham yaxshi natija bergandi. U paytda musiqiy telekanallar kam bo`lsa-da, uning tinglovchilari juda ko`p edi. “Meni sev” haqida esa hozircha bir nima deyolmayman. Talab bor, tinglashyapti. Bu ham natija!
  • Juda bolajon insonman, farzandlarim ko`p bo`lishini istayman. Chaqaloq hidini ham tez-tez sog`inib qoladigan odatim bor. Har bir farzandim tug`ilgach, ayrim salbiy odatlarim yo`qola boshlaydi. Farzandlarning tug`ilishi, faqat yaxshilik olib keladi.
  • To`g`ri, yaqinlar bilan ishlash, juda mas`uliyatli. Doim qarindoshlik rishtalari ham borligini yodda tutish shart. Lekin jigarlarning o`rni boshqa. Senga ular kabi jon kuyduruvchi inson bo`lmaydi. Ukam Dilshod ish yurituvchim bo`lgandan xursandman. Erishgan yutuqlarimda uning ham hissasi katta, deb o`ylaman.
  • Tanqidlar doim bo`lgan va bundan keyin ham yo`qolmaydi. Ular orqasida ko`ngilga tegadiganlari ham yo`q emas. Lekin iloji boricha, har bir gapdan kerakli xulosa chiqarib, yashashga harakat qilaman.

Aliya SULAYMANOVA

    Boshqa yangiliklar