O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 8 iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Ostona shahriga keldi. Bu haqda O`zA maxsus muxbiri xabar berdi.
Sammitda ShHTga a`zo davlatlar rahbarlari tashkilotning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishi, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb muammolari yuzasidan fikr almashishi kutilmoqda.
Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ShHT faoliyatini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, terrorizm va diniy eksremizmga qarshi kurashni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilinadi.
Ostona shahrida ShHTning Toshkent sammiti qarorlarini amalga oshirish bo`yicha Hindiston va Pokistonni tashkilot a`zoligiga qabul qilish jarayoni nihoyasiga etkazilishi rejalashtirilgan.
Sammit doirasida Prezidentimizning qator delegasiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlari ko`zda tutilgan.
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahrida EXPO – 2017 ixtisoslashtirilgan xalqaro ko`rgazmaning rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etadi.






