AsosiySUG'DIYONA

​Hayotini o`zgartirishni istaganlar uchun 20 tavsiya!

'​Hayotini o`zgartirishni istaganlar uchun 20 tavsiya!'ning rasmi

Hayotingizni o`zgartirishni istaysizmi? Ishni o`zingizdagi ba`zi kamchiliklarni to`g`irlashdan boshlashga nima deysiz? Masalan, ko`nglingiz tusamagan taklifga rad javobini berish ham o`zingizga bo`lgan ishonchning ortishiga yordam beradi. Demak, o`zgarishlar sari olg`a!

1. Dilozorlarga vaqt sarflamang

Aslida hayot qadringizga etmaganlarga vaqt ketkazish uchun kamlik qiladi. Shunday emasmi? Xo`sh, bu toifadagilar bilan munosabatlarni mustahkamlashdan nima naf? Axir haqiqiy do`st xursand bo`lganingizda yoningizda turadigan emas, qiyinchilikda ham yolg`iz qoldirmaydigan insondir. Kayfiyatingizga yomon ta`sir qiladigan vaziyatlarga bee`tiborroq bo`ling.

2. Muammodan qochmang

Ularga yuzma-yuz chiqishni o`rganing, albatta, bu oson bo`lmaydi. Turmush kutilmagan zarbalari bilan har qanday insonni ham shoshirib qo`yishi mumkin. Sizdan esa barcha muammolarni birvarakayiga hal qilish emas, shunchaki ularning mavjudligini tan olish talab etiladi, xolos. Yodingizda bo`lsin, inson xafa bo`lishga, siqilishga, qoqilish va yiqilishga moyil mavjudot. Aslida hayotning chin mazmuni ham shunda emasmi? Muammolarga tik boqib, ularni qadamma-qadam hal etishni o`rganing.

3. O`zingizni aldamang

His-tuyg`ularning eng bema`nisi, bu — kishining o`z-o`ziga achinishi. Turli vaziyatlardan uddaburonlik bilan chiqib ketarsiz balki, ammo vijdoningiz loflaringizga ishonmaydi. Shuning uchun haqiqatni tan oling.

4. Ehtiyojlaringizni qondirishni o`rganing

Boshqalarga mehr, e`tibor bera turib, ba`zan o`zimiz haqimizda unutib qo`yamiz. Yaqinlarni bir chetga surib, bor e`tiborni o`zingizga qarating, degan fikrdan yiroqmiz. Biroq har qanday vaziyatda ham ko`ngil ehtiyojlarini qondirishga imkon topa biling. Agar dunyoda qalbga quloq solish uchun bir lahza vaqt ajratilgan bo`lsa, demak, o`sha lahza hozirdan boshlandi.

5. Boshqaning niqobini kiymang

Turmushning eng mushkul damlarida ham o`zligini yo`qotmagan inson chin insondir. To`g`ri, atrofda aqlliroq, chiroyliroq, chaqqonroq kishilar bisyor, lekin ular aslo sizning o`rningizni bosa olishmaydi. Shuni unutmang! Boshqalar uchun o`zingizni o`zgartirishga urinmang. Yodingizda bo`lsin, sizni chin dildan yaxshi ko`rgan inson boringizcha sevadi.

6. O`tmishdagi xatolar uchun o`zingizni ayblamang

Bir paytlari yo`l qo`ygan xatolaringizni takror va takror xayolingizda gavdalantirsangiz-da, to`g`irlay olmaysiz. Ular yangi hayot boshlashingizga to`sqinlik qiladi. Ko`pincha xatolar to`g`ri yo`lni topishga yordam bergan. Avval hayotingizda qanday voqea bo`lib o`tganidan qat`i nazar, u sizni kelajakka tayyorlaganligini tan oling.

7. Xato qilishdan qo`rqmang

Biror ishni bajarib bo`lgach, noto`g`ri ekanligini bilish, uni bajarmay turib afsuslangandan ko`ra afzalroq. Har qanday omad ortida o`nlab, balki yuzlab omadsizliklar yotgan bo`lishi mumkin. Xato qilishdan cho`chimang, faqat kamchiligingizni o`z vaqtida tuzatishga odatlansangiz, bas.

8. Baxt ulashing

Biz egalik qilishni istaydigan narsalarning aksari qimmatbahodir. Ammo asl haqiqat shundaki, bizni baxtli qila oladigan tuyg`ular — muhabbat, tinchlik, kulgu, xotirjamlik aslida bepul. Ularni o`z qo`limiz bilan yarata olganimiz uchun ham qadriga etmasmiz... Bu tuyg`ulardan yaqinlaringizni bebahra qo`ymang!

9. Kimdir sizni baxtli qilishini kutmang

Agar fe`l-atvoringizdan, hayotingizdan ko`nglingiz to`lmayotgan bo`lsa, boshqalar bilan munosabatlar sizni baxtli qila olmaydi. O`z ustingizda ishlashdan to`xtamang. O`zgalarga quvonch ulashishdan avval ko`ngil xotirjamligiga erishing.

10. To`g`ri qaror qabul qiling

Qaror qabul qilishdan avval bot-bot o`ylayversangiz, yo`q joydan muammo orttirishga odatlanib qolasiz. Yaxshisi, vaziyatga to`g`ri baho berib, tezroq qaror qabul qilishni o`rganing.

11. Doim tayyor turing

Yodda tuting, har bir ishda tavakkal bo`ladi. Bu dunyoda hech kim hech narsaga yuz foiz kafolat berolmaydi. Berilayotgan muhim imkoniyatlar esa insonni o`ylashga, qaror qabul qilishga va albatta, tinchining buzilishiga sabab bo`ladi.

12. Atrofingizdagilar bilan raqobatlashmang

Boshqalar sizdan ko`ra omadliroq ekanligini o`ylab siqilmang. Aksincha, chin dildan harakat qilib, ulardan ustun ekanligingizni birinchi navbatda o`zingizga isbotlang. Axir eng muhimi — insonning o`ziga bo`lgan ishonchi.

13. O`zingizni oqlashga majbur qiladigan ishlardan yiroq bo`ling

Oltinga teng vaqtingizni qilgan ishlaringizni oqlashga sarflamang. Chunki, do`stlaringiz qanday inson ekanligingizni yaxshi bilishadi. Dushmanlar esa oxir-oqibat aytganlaringizga ishonishmaydi. Shunchaki, o`zingiz nimani to`g`ri deb bilsangiz, o`shani qiling.

14. Mayda narsalarga ham e`tiborli bo`ling

Ahamiyatsiz ko`ringan oddiy narsalardan ham bahra olishga odatlaning. Axir bir kuni o`tmishga nazar tashlab, shular aslida chinakam baxt bo`lganligini tushunsangiz, keyin afsuslanishga kech bo`lishi mumkin. Inson hayotining eng yaxshi qismi mana shu bir qarashda arzimas ko`ringan lahzalardan iborat emasmi?

15. Barchasini mukammallashtirmang

Haqiqiy hayot «a`lochi»larni emas, «2» baho olsa-da, maqsad sari olg`a intiluvchilarnigina rag`batlantiradi.

16. Oson yo`ldan yurishga urinmang

Taqdir insonni biror yutuqqa erishish uchun boshqasidan voz kechishga majbur qiladi. Va bu oson kechmaydi. Bir qarashda engildek ko`ringan vazifa aslida ancha mushkul bo`lishi hech gap emas. Ikki yo`ldan birini tanlashga to`g`ri kelganida ko`ngil amriga quloq tuting, chunki u sizni aldamaydi.

17. Ko`ngilingizni bo`shatishdan uyalmang

Siz kuchli bo`lishga majbur emassiz, doim buni boshqalarga isbotlab turishingiz ham shart emas. Boshqalarning fikri haqida ortiqcha tashvishlanishga ham hojat yo`q. Agar yig`lagingiz kelsa, marhamat, ko`zyoshlar ko`ngildagi g`uborlarni yuvadi. Ojiz ko`rinib qolishdan cho`chimang.

18. Boshqalarni ayblamang

Orzularingizning ushalishi mas`uliyatni his etishingizga bog`liq. Muammolaringizda boshqalarni ayblashingiz esa ana shu mas`uliyatni bo`yningizga olishni istamayotganingizdan darak beradi. Niyatimga etay desangiz, muammolaringizda boshqalarni ayblashni bas qilib, ularni hal etishga harakat qiling.

19. Xavotirlanavermang

Haddan ortiq xavotirga berilish mashaqqatlardan xalos etmaydi, aksincha u bugunning quvonchlaridan uzoqlashtiradi. Biror ish yuzasidan qattiq qayg`urishdan avval o`zingizga «Bir necha yildan keyin ham shu ish men uchun o`z ahamiyatini saqlab qoladimi?» degan savolni berib ko`ring. Agar yo`q degan xulosaga kelsangiz, bu muammo ortiqcha tashvishlanishingizga arzimaydi.

20. Noshukrlik qilmang

Omadga erishsangiz yoki omadsizlikka yuz tutsangiz ham, eson-omon uyqudan ko`zingizni ochganingiz uchun shukr qilishni kanda qilmang! Umringiz davomida yo`qotgan narsaliringizdan ko`ra erishganlaringiz haqida o`ylab ko`rsangiz, shukr qilish uchun sabablaringiz ko`pligidan hayratga tushasiz.

KAMOLA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar