AsosiyJamiyat

Oksana Chusovitina Xalqaro gimnastika Shon-sharaf zaliga kiritildi

'Oksana Chusovitina Xalqaro gimnastika Shon-sharaf zaliga kiritildi'ning rasmi

Dunyo sport gimnastikasining tirik afsonasi, Olimpiya o`yinlarining etti karra ishtirokchisi, Barselona-1992 Olimpiya o`yinlari chempioni Oksana Chusovitina Xalqaro gimnastika Shon-sharaf zalidan o`rin oldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tantanali marosim AQShning Oklaxoma shtatida bo`lib o`tdi. Chusovitina bilan birgalikda Shon-sharaf zalidan shuningdek, yaponiyalik Syun Fudzimoto, amerikalik Alisiya Sakramone va rossiyalik Aleksey Nemovlar ham o`rin egallashdi.

E`tiborlisi, Oksana professional faoliyatini tugatmasdan turib Shon-sharaf zalidan o`rin olgan birinchi gimnastikachi bo`lib tarixga kirdi. AQShda joylashgan Xalqaro Gimnastika Shon-sharaf zaliga bunga qadar jami 22 ta mamlakatdan 91 nafar sportchi kiritilgan bo`lib, hamyurtimizdan tashqari boshqa barcha sportchilar faoliyatlarini yakunlaganlaridan so`ng bunday yuksak e`tirofga sazovor bo`lishgandi.

Oksana Chusovitina o`tgan yilning noyabr oyida sport gimnastikasi tarixida ettita Olimpiya o`yinlarida ishtirok etgan birinchi ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgandi. Faoliyati davomida Chusovitina uch karra jahon chempioni, Evropa chempioni, Osiyo o`yinlari chempionligi bilan birgalikda Barselona-1992 Olimpiya o`yinlarida oltin, Pekin-2008 Olimpiya o`yinlarida esa kumush medallarga sazovor bo`lgan.

Shu yilning o`zida Oksana Baku (Ozarbayjon) va Doxa (Qatar) shaharlarida bo`lib o`tgan jahon kubogi bosqichlarida g`oliblikni qo`lga kiritdi. Shuningdek, Ozarbayjon poytaxtida tashkil etilgan IV “Islom birdamlik o`yinlari”da oltin medalga sazovor bo`ldi. Ayni paytda yurtdoshimiz o`zining 42 yoshida joriy yilning oktyabr oyida Kanadaning Monreal shahrida bo`lib o`tadigan jahon chempionatiga hozirlik ko`rmoqda. Unga qadar Chusovitina sentyabr oyida Vengriya va Fransiyada bo`lib o`tadigan va Tokio-2020 Olimpiya o`yinlari uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadigan jahon kubogi bosqichlarida ishtirok etadi.

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sportchi, “Mehnat Shuhrati” va “Do`stlik” ordenlarining sohibi Oksana Chusovitina bilan xaqli ravishda faxrlanadi va unga kelgusi faoliyatida ham omad va muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

    Boshqa yangiliklar