1962 yilda Merilin Monro vafot etgan uy 7,2 million dollarga sotildi, deb xabar berdi Lenta.ru nashri.
Mazkur hashamatli, umumiy maydoni 800 kvadrat metr bo`lgan uy AQShning Kaliforniya shtatidagi Brentvud shahrida joylashgan. Bu Merilinga tegishli bo`lgan yagona uydir. Aktrisa tirikligida bu uyga jurnalistlarni kiritmagan, ularning binoni suratga tushirishlariga yo`l qo`ymagan. “Mening qanday, qaerda yashashimni, divanim yoki kaminim qanaqaligini hammaning bilishi shart emas”, degan edi Merilin Monro.
Uyni so`nggi egasi 2012 yilda 3,5 million dollarga sotib olgan bo`lsa-da, bu erda hech kim yashamagan. Hozircha uni kim sotib olgani, uning ismi-sharifi ma`lum qilinmadi. Bino 1929 yilda Santa-Monika tog`i etagida qurilgan. Merilin Monro uni 1961 yilda 80 ming dollarga sotib olgan. Uy o`tgan yilning aprel oyida sotuvga qo`yilgan. Merilin Monro 36 yoshda, 1962 yilning 4 avgustidan 5 avgustiga o`tar kechasi ko`p miqdorda uyqu dorisi ichishi oqibatida vafot etgan. U Vestvud qabristoniga dafn etilgan.






