“Olimpiada-2016” g`oliblari medallari zanglagani va qora dog`lar paydo bo`lgani uchun ularni tashkilotchilarga qaytarmoqda, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Rio-de-Janeyro zarbxonasiga 100 dan ortiq medallar qayta ta`mirlash uchun topshirildi. Ammo tashkilotchilar ayblarini tan olmay, ularning zanglashiga egalarining yaxshi saqlamaganligi sabab bo`lgan, deb hisoblamoqda. Zang va qora dog`lar tufayli Ria-de-Janeyroda o`tkazilgan “Olimpiada-2016”ning yuzdan ortiq g`oliblari ommaviy ravishda medallarini qaytarib topshirdi. Asosan bronza medallar qorayib ketgan. “Rio-2016” tashkiliy qo`mitasining jamoatchilik bilan aloqa qilish direktori Mario Andradaning ma`lumot berishicha, qaytarilgan medallar orasida “Paralimpiada-2016” g`oliblarining ham medallari mavjuddir. Ayni paytda Rio-de-Janeyro zarbxonasiga umumiy hisobda 130 ta medal topshirildi. Mazkur medallarni aynan qaysi sportchilar qaytarib topshirgani oshkor etilmadi. Andrada medallar Braziliya zarbxonasida qayta ta`mirlangach, egalariga qaytarilishiga va`da berdi.






