Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Guliston shahridagi “Sirdaryo Best Fashion” korxonasida bo`ldi.
Joriy yil mart oyida foydalanishga topshirilgan mazkur korxonada 500 ga yaqin odam ish bilan ta`minlangan. Bu erda ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari to`liq eksport qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.
Zamonaviy va energiyatejamkor texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxona bugun nafaqat viloyatda, balki mamlakatimiz miyosida ham o`z o`rniga ega.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga 2017-2018 yillarda viloyatda engil sanoat sohasini rivojlantirish bo`yicha manzilli dastur haqida ma`lumot berildi. Dasturda bolalar sport kiyimlari, trikotaj va momiq matolar, tayyor gazlama, ip-kalava ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish ko`zda tutilgan.
Korxonalar 72 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega bo`lib, ularda 3 mingdan ortiq ish o`rni yaratiladi.
Shavkat Mirziyoevga viloyatda tashkil etilayotgan farmasevtika va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar loyihalari haqida ham so`zlab berildi.
Yangi tashkil etiladigan korxonalarda ishlab chiqariladigan farmasevtika va tibbiyot buyumlari import qilinayotgan mahsulotlar o`rnini bosadi.
Shavkat Mirziyoev yaratiladigan ish o`rinlariga kollej bitiruvchilarini keng jalb qilish kerakligini alohida qayd etdi.






