O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14-15 may kunlari Pekin shahrida bo`lib o`tgan «Bir makon, bir yo`l» forumida ishtirok etdi, deb xabar beradi O`zA.
Forumni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ochdi. Xitoy rahbari forumda ishtirok etayotgan barcha davlat rahbarlariga minnatdorlik bildirib, mazkur loyihaning ahamiyati, maqsad va vazifalari haqida so`zladi.
Forumda 30 ga yaqin mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Anjumanda BMT Bosh kotibi, Jahon banki prezidenti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.
«Bir makon, bir yo`l» har bir davlatning o`z imkoniyatlaridan to`la foydalanish, iqtisodiy jihatdan bir-birini to`ldirish, savdo va investisiyalarni rag`batlantirish, o`zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun keng yo`l ochadi.
Forumda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi. Davlatimiz rahbari mazkur forumning ahamiyati, uni takomillashtirish va rivojlantirish masalalari haqida to`xtaldi.
Biz tabiiy, ishlab chiqarish va inson resurslariga g`oyat boy bo`lgan mintaqamizda transport, savdo, investisiya, energetika va yuksak texnologiyalar sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutamiz, dedi O`zbekiston Prezidenti.
Ikkinchi muhim masala – Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubiy, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Evropa mamlakatlari bozorlari bilan bog`laydigan transport-logistika yo`nalishlarini ochish bo`yicha hamkorlik yuzasidan kompleks harakatlar dasturi ishlab chiqishdan iboratdir, deb ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.
Yurtimiz qadimdan jahon sivilizasiyasi markazlaridan biri bo`lgan. Mustaqillik yillarida mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati misli ko`rilmagan darajada yuksaldi. Xorijiy sarmoyadorlarning faol va erkin ish yuritishi uchun keng qulayliklar yaratilgan. Bunday imtiyoz va imkoniyatlar xorijlik ishbilarmonlarning O`zbekistonga qiziqishini tobora oshirmoqda.
Turli mintaqalarning o`zaro aloqalarida Buyuk ipak yo`li beqiyos ahamiyat kasb etgan. Buyuk ipak yo`li nafaqat hududlar o`rtasida savdo-sotiq aloqalarini, balki davlatlar va qit`alar o`rtasida axborot almashuvini ta`minlashga ham xizmat qilgan, yangi mahsulotlar va qishloq xo`jaligi ekinlari tarqalishida, madaniy qadriyatlarning rivojlanishida muhim vosita vazifasini bajargan va shu tariqa sivilizasiyalararo muloqot uchun shart-sharoitlar yaratilgan.
Bugun ushbu yo`lning qayta tiklanishi deb baholanayotgan «Bir makon, bir yo`l» loyihasi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo va investisiya sohalarida qulay sharoitlar yaratish, transport va kommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo`jaligi, turizm, ta`lim, madaniyat sohalarida hamkorlik salohiyatini oshirishda muhim o`rin tutadi.
O`zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, qulay jo`g`rofiy joylashuvi, zamonaviy transport kommunikasiyalari, sarmoya jalb etish bo`yicha puxta va ishonchli strategiyasi ko`plab davlatlar ishbilarmonlarining hamkorlikka qiziqishini oshirmoqda.
Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga etdi.






