Parvoz vaqtida samolyotni portlatishni aytib, hammani qo`rqitgan erkak Misr polisiyasi tomonidan tekshirilganda uning yonidan o`q otar quroli, portlovchi modda topilmadi, deb xabar berdi Ntv.ru nashri.
Qohira xalqaro aeroportida Jiddadan parvoz reysini amalga oshirayotgan, Saudiya Arabistoniga tegishli bo`lgan Flynas aviakompaniyasining samolyotini portlatish bilan tahdid qilgan jinoyatchi qo`lga olindi. Ekipaj erdagilarni samolyot bortidagi yo`lovchilardan biri avialaynerni portlatmoqchi bo`layotganligi haqida ogohlantirdi. Aeroport kuchaytirilgan xizmat tartibiga o`tkazildi. Avialayner erga qo`nishi bilan maxsus xizmat, tez yordam, o`t o`chirish mashinalari etib keldi. Jinoyatchi maxsus xizmat xodimlari tomonidan qo`lga olinib, salondan olib chiqildi. Samolyot yo`lovchilaridan hech kim jabrlanmadi, ular avialaynerdan sog`-salomat chiqishdi. Qo`lga olingan jinoyatchi 61 yoshli Misr fuqarosi ekanligi aniqlandi. Yo`lovchilar u samolyotga chiqmasdan ilgari aeroportda yukining og`irligi tufayli bojxonachilar bilan janjallashganligini ma`lum qilishdi. Hozirda qo`lga olingan shaxs tibbiy ko`rikdan o`tkazilmoqda.






