“Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo`stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi. Farmonning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.
Farmon Respublikamizning farmasevtika tarmog`ini rivojlantirishga yo`naltirilgan investisiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy va mahalliy investisiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, dorivor o`simliklar xomashyosini etishtirishning noyob sharoitlarini inobatga olgan holda mahalliy dorivor vositalar bozorini o`zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari bilan to`ldirish, ularni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo`shilgan qiymatli farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish asosida yangi ish o`rinlarini yaratish va respublikamiz aholisi daromadlarini oshirish maqsadida imzolandi.
Quyidagilar “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo`stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib belgilandi:
dorivor o`simliklar xomashyosini o`ziga xos tabiiy sharoitlarda etishtirish va keyinchalik qayta ishlash borasida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta`minlash;
yuqori qo`shilgan qiymatli zamonaviy farmasevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqarishni, birinchi navbatda belgilangan tartibda tashkil etilgan plantasiyalarda etishtirilgan dorivor moddalar (substansiyalar) hamda dorivor o`simliklar xomashyosi negizida tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarini jalb etish;
dorivor o`simliklar xomashyosini qayta ishlash va dori vositalari, tibbiyot buyumlari, yordamchi va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish bo`yicha yangi zamonaviy ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etish;
mustahkam kooperasiya aloqalarini o`rnatish va erkin iqtisodiy zonalar tashkilotlari hamda respublikamizning boshqa korxonalari o`rtasida sanoat kooperasiyasini rivojlantirish asosida mahalliy dorivor o`simliklar xomashyosi va materiallari negizida farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
dorivor o`simliklar xomashyosi introduksiya va kultivasiyasini o`rganish bo`yicha tajriba-eksperimental laboratoriyalari bo`lgan ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etish.
Tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarning faoliyat muddati keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30 yil etib belgilangan, ushbu hududlarda alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi.
Farmonning qabul qilinishi ichki bozorni keng turdagi hammabop, sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada to`liq to`ldirish va alohida hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish masalalarini hal etishga qaratilgan.






