2017 yilning 15 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Fransiya Respublikasi Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jan-Mark Ero bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
2017 yilning 29 mart kuni Parijda bo`lib o`tgan ikki tomonlama muzokaralarning davomi sifatida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investision, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O`zbekiston-Fransiya munosabatlarining dolzarb jihatlari muhokama qilindi hamda mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etilganidek, 2017 2018-yillar uchun imzolangan vazirliklararo Hamkorlik dasturi O`zbekiston va Fransiya o`rtasidagi keng qamrovli aloqalarni tizimli asosda rivojlantirish va mustahkamlashga imkon yaratadi.
Suhbat davomida vazirlar tomonidan 2017 2021-yillarda O`zbekistonni rivojlantirishning besh ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida o`zaro aloqalarni kengaytirish istiqbollariga alohida e`tibor qaratildi. Xususan, iyun oyining boshiga mo`ljallangan «MEDEF Interneshnl» fransuz korxonalari harakati etakchiligidagi ishbilarmon doiralar vakillarining O`zbekistonga tashrifi muvaffaqiyatli yakun topishidan tomonlar manfaatdor ekanligi ta`kidlandi.
Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.
Uchrashuvda Fransiya Elchisi Violen Biet de Vilmor ishtirok etdi.






