Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) ayollar terma jamoalarining yangi reytingini e`lon qildi. Unga ko`ra, O`zbekiston ayollar terma jamoasi 1548 ochko bilan 42-o`rinni saqlab qoldi.
OFKga a`zo ayollar terma jamoalari orasida Yaponiya 1977 ochko bilan etakchilik qilmoqda. Jahon reytingida Yaponiya ayollar termasi 6-pog`onada bormoqda. Avstraliya ayollar terma jamoasi 1976 ochko bilan Osiyoda ikkinchi (dunyoda sakkizinchi) bo`lsa, KXDR ayollar termasi 1953 ochko bilan uchinchi (dunyoda o`ninchi) o`rinni egallab turibdi.
O`zbekiston ayollar termasi yuqoridagi terma jamoalardan tashqari Xitoy, Janubiy Koreya, Tailand, Vetnam va Xitoy Taypeyidan keyin Osiyoda 9-pog`onani egallab turibdi.
Jahon reytingida Germaniya ayollar terma jamoasi AQShni ikkinchi pog`onaga tushirib, etakchilikni qo`lga oldi. Uchinchi o`rinda Fransiya terma jamoasi bormoqda.






