AsosiySport

Babayan va Bikmaev muxlislardan stadionga kelib, qo`llab-quvvatlashlarini so`rashdi

'Babayan va Bikmaev muxlislardan stadionga kelib, qo`llab-quvvatlashlarini so`rashdi'ning rasmi

JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan o`rin olgan O`zbekiston – Qatar uchrashuvidan oldin o`tkazilgan matbuot anjumanining birinchi qismida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan va yarim himoyachi Marat Bikmaev ishtirok etdi.

“Malayziyada qayd etilgan natija uchun muxlislar oldida uzr so`rayman. Deyarli barcha o`yinlar g`alaba va mag`lubiyat orasida turadi. Suriya bilan o`yinda qaerdadir men xato ham qilgandirman. Yigitlar oxirigacha kurashdi, ammo so`nggi daqiqalarda o`tkazib yuborilgan gol barchasini hal qildi.

Afsuski, hech qaysi o`yinda optimal tarkibda o`ynay olmayapmiz. Avvalgi o`yinlarda yo`qotishlar bo`ldi. Denisov ertaga maydonga tusha olmaydi. Bundan afsusdamiz. To`xtaxo`jaev esa sariq kartochkalari to`planib qolgani tufayli o`yinni qo`yib yuboradi.

Bu guruhda kurash so`nggi turgacha davom etadi, chunki raqiblar ham ochko yo`qotmoqda. Asosiy maqsadimiz — erataga g`alaba qozonish va shu yo`l orqali JCh–2018 turniriga yo`l olish. Ayni vaqtda eng kuchli tarkibga ega ekanimiz haqidagi so`zlardan qochmayman. Bu haqiqatdan ham shunday. Balki erataga ham iste`foga chiqarman. Asosiysi, O`zbekiston terma jamoasi JCh–2018 turniriga yo`l olishi kerak.

Jamoa yaxshi o`ynaganda stadion to`ladi. Muxlislarga murojaat qilmoqchiman: stadionga qancha muxlis kelishidan qat`i nazar, ulardan dalda so`rab qolamiz va bizni qo`llab-quvvatlashlariga umid qilmamiz”, – dedi Samvel Babayan.

“Suriyaga qarshi o`yindan keyin o`zimizga kelib oldik va ertaga g`alaba uchun barcha kuchimizni berishga tayyormiz. Muxlislarni stadionga kelib, qo`llab-quvvatlashlarini so`raymiz”, – dedi Marat Bikmaev.

Qayd etish kerakki, Suriyaga qarshi (0:1) o`yindan keyin aksariyat o`zbekistonlik ishbiqozlar ijtimoiy tarmoqlar orqali muxlislarni stadionga bormaslikka chaqirib, shu tariqa terma jamoa bosh murabbiyiga boykot e`lon qilgandi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston – Qatar uchrashuvi ertaga, 28 mart kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida o`tkaziladi. O`yin 18:00 da start olishi rejalashtirilgan.

Boshqa yangiliklar