Mashhur aktyor Jorj Kluni keksalar uyiga qilgan tashrifi tufayli bag`rikeng va olijanob inson ekanligini isbotladi, deb xabar berdi Prikolno.cc nashri.
O`tgan hafta Buyuk Britaniyaning Reding shahar qariyalar uyida yashovchi Pet Adams (Pat Adams) o`zining 87 yoshga to`lishini bayram qildi. Bundan sal ilgari u muassasada o`tkazilgan “Orzungga etishni niyat qil” nomli tadbirda ishtirok etgan edi. Tadbir shartiga ko`ra, qariyalar uyida yashovchi har bir odam biror narsaga erishishni orzu-niyat qilishi, muassasa esa uni bajarishi lozim edi. Adams aktyor Jorj Kluni bilan uchrashishni niyat qildi.

Shunday qilib, Jorj Kluni Pet Adamsni tug`ilgan kuni bilan qutlash uchun qo`liga bir dasta gul va tabrik xatini olgancha qariyalar uyi tomon yo`l oldi. Kinoyulduz keksa ayol bilan 15 daqiqa suhbat qurdi.

“Jorj Kluni tug`ilgan kuni bilan tabriklash uchun kelganini ko`rgan Pet Adamsning boshi ko`kka etib, o`zini juda baxtli his etdi. Jorj Kluni oilasi bilan qariyalar uyi yaqinida yashaydi. U “Sunrise” nomli qariyalar uyida yashovchi keksalardan bir necha marotaba xat olgani tufayli ularni yo`qlashga qaror qildi”, deb hikoya qildi qariyalar uyi xodimlaridan biri.
“Biz Petning orzusi amalga oshganidan juda mamnunmiz. Jorjning tabrik xati va guldasta bilan kirib kelganini ko`rgan keksa ayol juda ham xursand bo`ldi. Aktyor o`zining mazkur tashrifi bilan qariyalar uyidagi barcha keksalarning kayfiyatini ko`tarib, ozgina bo`lsa ham o`zlarini baxtli his qilishlariga yordam berdi. Jorjga qariyalar uyi ma`muriyati nomidan minnatdorchilik bildiramiz”, deb yozdi “Sunrise” menejeri Malkolm Xeyg (Malcolm Hague) o`zining press-relizida.






