Toshkent markaziy temir yo`l vokzalidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga salomatlik poezdi jo`nab ketdi. Ushbu aksiya "Sog`lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etildi.
“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Fondning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni, ehtiyojmand insonlarni tibbiy-ijtimoiy muhofazalash, salomatlik poezdi jo`natish orqali aholiga tibbiy-profilaktika, zamonaviy diagnostika yordami ko`rsatish loyihalari tobora takomillashmoqda, deb yozadi O`zA.
2016 yilda Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari, Qoraqalpog`iston Respublikasida amalga oshirilgan shunday tadbirlar doirasida besh yarim mingdan ortiq aholi tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Tibbiy-ijtimoiy muassasalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda insonparvarlik yordami ko`rsatildi.
Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 29 martga qadar salomatlik kunlari o`tkaziladi. Poytaxtimizdan borgan shifokorlar aholiga tibbiy xizmat ko`rsatadi. Chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar chuqur tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. Sog`lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni oshirish maqsadida targ`ibot-tushuntirish ishlari olib boriladi. Tibbiy-ijtimoiy muassasalarga yordam ko`rsatiladi.






