Osiyo mintaqasidan JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi ikkinchi davrasiga ertaga, 23 mart kuni start beriladi. Unda O`zbekiston milliy terma jamoasi safarda Suriyaga qarshi bahs olib boradi.
Bo`lajak o`yinda Suriya nominal mezbon bo`lgani hamda mamlakatda siyosiy barqarorsizlik hukmronlik qilayotgani uchun Osiyo futbol konfederasiyasi o`yinni neytral zona – Malayziyada o`tkazilishini ta`minladi.
Mazkur bellashuv Malakka shahridagi 40 ming muxlisga mo`ljallangan Hang Jebat Stadium maydonida o`tkaziladi. O`yin mahalliy vaqt bilan 20:00 (Toshkent vaqti bilan 17:00)da start oladi.

O`zaro uchrashuvlar
O`zbekiston milliy terma jamoasi shu kungacha Suriya bilan ikki marta to`qnash kelgan. 1996 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqichida suriyaliklar 2:1 hisobida zafar quchgandi. JCh–2018 turniriga uchinchi saralash bosqichi 1-turida O`zbekiston termasi Toshkentda Suriya ustidan 1:0 hisobida g`alaba qozongan.

FIFA reytingidagi o`rni
O`zbekiston milliy terma jamoasi ayni damda FIFA reytingida 63-pog`onadan joy egallab turibdi. Osiyo mamlakatlari orasida milliy terma jamoa Eron, Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya va Saudiya Arabistonidan keyin oltinchi o`rinda joylashgan.
Suriya terma jamoasi FIFA reytingida 95-o`rindan joy olgan. Osiyo mamlakatlari orasida Suriya 10-o`rinda bormoqda.
Uchrashuv rasmiylari
Suriya va O`zbekiston o`rtasidagi o`yin BAAlik hakamlar guruhiga topshirildi. Abdulla Muhammad Hasan uchrashuv bosh hakami etib tayinlandi. Unga qanotlarda Muhammad al-Hammadiy hamda Hasan al-Mahriy yordam beradi. To`rtinchi hakam vazifasini Ahmad Hamis al-Naqbiy bajaradi.

Hakamlar nazoratchisi sifatida avstraliyalik Edvard MakGregor ish olib boradi. Uchrashuv komissari – Xin Chyong (Gong Kong). Xitoylik Syaolong Deng OFK vakili sifatida o`yinga taklif etilgan.
Yo`qotishlar
Bo`lajak uchrashuv oldidan O`zbekiston terma jamoasi bitta yo`qotishga duch keldi. Moskvaning “Lokomotiv” klubida to`p surayotgan Vitaliy Denisov “Spartak” jamoasiga qarshi (1:1) Rossiya chempionati 20-turida jarohat olgani uchun Suriyaga qarshi o`yinni o`tkazib yuboradi. Suriya termasida yo`qotishlar yo`q.

Guruhdagi vaziyat
“A” guruhi 5-turidan keyin Eron terma jamoasi 11 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, Janubiy Koreya 10 ochko bilan 2-o`rinni band qilib turibdi. Kuchli uchlikdan hisobda 9 ochko bo`lgan O`zbekiston terma jamoasi joy olgan. Keyigni o`rinlarni mos ravishda Suriya (5 ochko), Qatar (4 ochko) va Xitoy (2 ochko) terma jamoalari joy egallagan.
| № | Jamoa | O`yin | G`alaba | Durang | Mag`lubiyat | To`plar | Ochko |
| 1 | Eron | 5 | 3 | 2 | 0 | 4-0 | 11 |
| 2 | Janubiy Koreya | 5 | 3 | 1 | 1 | 8-6 | 10 |
| 3 | O`zbekiston | 5 | 3 | 0 | 2 | 5-3 | 9 |
| 4 | Suriya | 5 | 1 | 2 | 2 | 1-2 | 5 |
| 5 | Qatar | 5 | 1 | 1 | 3 | 3-6 | 4 |
| 6 | Xitoy | 5 | 0 | 2 | 3 | 2-6 | 2 |
JCh–2018 uchinchi saralash bosqichi.
“A” guruhi, 6-tur
Xitoy – Janubiy Koreya (16:35)
Suriya – O`zbekiston (17:00)
Qatar – Eron (21:00)






