AsosiyDunyo

​Ezgulik haqida quloqqa chalingan gaplar

'​Ezgulik haqida quloqqa chalingan gaplar'ning rasmi

Kimgadir yaxshilik qilish, ezgulik ulashish odamdan ko`p narsani talab etmaydi. Quyida quloqqa chalingan gaplar esa buni tasdiqlaydi. Ularni o`qigandan keyin sizda ham kimgadir yaxshilik qilishi istagi paydo bo`lishi tabiiy holdir, deb xabar berdi Adme.ru nashri.

  • Dugonam o`g`li bilan kinoga ketayotgan ekan. Bola reklama varaqalari tarqatayotgan qizlarning oldiga borib, go`yoki bu varaqalar hayot-mamot masalasini hal etadiganday so`rab, yo`l-yo`lakay varaqalarni yig`ib boribdi. Dugonam “O`g`lim, bularni nima qilasan?” deb so`rabdi. “Hech nima qilmayman, oyijon. Qarasam, hech kim reklama varaqalarini olmagani tufayli qizlar xomush turgan ekan. Ularning ozgina bo`lsa ham kayfiyatini ko`tarish uchun oldim”, deb javob beribdi bola.

  • Yoshim 18 da, sovuq qish oqshomlaridan birida uyga shoshilib, to`xtab turgan taksilardan biriga o`tirdim. Haydovchining oldidagi o`rindiqqa o`tirganimda, orqada yana ikki nafar yigit o`tirganiga ko`zim tushdi. Ular qaerga ketayotganimni so`rashdi, manzilimni eshitib, “biz ham shu yoqqa ketyapmiz, yo`limiz bir ekan”, deb javob berishdi. Yonimda pulim kamligidan ularning men boradigan joyga ketayotganliklaridan xursand bo`ldim. Yo`lkirani bo`lib to`laymiz, deb o`yladim. Taksi meni kerakli joyga olib kelganda, ular taksidan tushishdi. Men ham endi o`rnimdan qo`zg`algan edim, taksichi qo`limdan mahkam ushlab, yana joyimga o`tqazdi va gazni bosib, taksini oldinga haydadi. Qo`rqqanimdan qichqirib yubordim. Ammo taksichi biroz yo`l yurgach, yana orqaga qaytdi. Tushmoqchi bo`lgan joyimga kelganda notanish yigitlar ketib bo`lgandi. Men shundan keyingina taksichi meni noma`lum yigitlarning hujumidan asrab qolganligini tushundim. Uning aytishicha, yigitlarning o`zini tutishi uni shubhalantirgan ekan.
  • Har tongda ishga ketayotganimda, metro yonidagi qahvaxonadan qahva sotib olaman. Qahvaxonadan chiqqanimda yo`l bo`yida ko`ksiga orden-medal taqib olib, garmon chalib o`tirgan otaxonga ko`zim tushdi. U har kuni ertalab shu erda o`tirar, o`tgan-ketgan unga pul tashlab o`tardi. Unga rahmim keldi, endi har tongda qahva sotib olish uchun ishlatadigan pulimni unga beradigan odat chiqardim. Qariya esa menga so`rg`ich konfet sovg`a qildi va “Bu oddiy konfet emas, balki sehrli konfetdir. Uni og`zingga solishdan oldin nimani niyat qilsang, hammasi amalga oshadi”, dedi. Niyat qildim, u albatta amalga oshishini kutyapman, orzium ro`yobga chiqishiga ishonaman...
  • Ishda ushlanib qolib, uyga ketish uchun taksiga o`tirdim. Mudrab ketayotganimda qorong`i yo`lda shamolday elib ketayotgan taksining birdan tormoz berishi o`takamni yorib yubordi. Taksichi mashinadan tushib, yo`lning o`rtasida bir-birining pinjiga tiqilib turgan tipratikanlarni chetga olib qo`ydi. Uning mehribonchiligidan ko`nglim yorishib ketdi...

  • Non olish uchun do`konga kirdim. Nonning pulini to`lash uchun kassaga navbatda turganimda, do`konga burnidan qon oqayotgan bola yugurib kirib, “yordam bering!” deb baqirdi. Bolaning aytishicha, uni bir nechta noma`lum shaxslar kaltaklab, telefonini olib qo`yibdi. Bola bosqinchilardan qutulish uchun do`konga o`zini urgan ekan. Do`kon xodimlarining bolaga yordam berish uchun bahamjihat harakat qilgani meni hayratga soldi. Xodimlar bolani himoya qilib, eshikni to`sishga harakat qildi, sotuvchi ayol esa polisiyaga qo`ng`iroq qilib, bolaning yuzini yuvdi, ota-onasiga qo`ng`iroq qilish uchun telefonini berib turdi. Bir-nechta xaridorlar esa polisiyachilarga guvohlik berishga tayyorligini bildirdi.
  • Men yashaydigan ko`p qavatli uyda asosan nafaqaga chiqqan qariyalar yashaydi. Ular yoshliklarida zavodda ishlaganliklari tufayli, ishxona tomonidan kvartira berilgan. Qariyalarning barchasi deyarli tengdosh, ulardan birining nabirasi Yura 35 yoshda bo`lishiga qaramay, tadbirkorligi tufayli ancha-muncha puldor odamga aylangan. U har oyda bir marta yordamchilari bilan kelib, kvartiralarni aylanadi. Eshik qo`ng`irog`ini bosib, “Buvijonlar, Temur va uning komandasi keldi!” deb qichqiradi. Barcha keksa ayollar o`zlariga zarur bo`lgan oziq-ovqat ro`yxatini berishadi va erkak kishi bajarishi lozim bo`lgan yumushni ko`rsatishadi. Nabira ro`yxatga kiritilgan barcha narsalarni sotib oladi, ta`mirlash ishlarini bajaradi. Mazkur qariyalar yolg`iz yoki befarzand emas, Yura shunchaki, chin ko`ngildan ularga yordam berishni istaydi va beharaz yordam beradi.
    • Avtobusga chiqdim, yonimga bir qo`li gips qilingan 20-25 yoshli yigit kelib o`tirdi. U yo`l bo`yi chalkashib ketgan quloqchin (naushnigi)ni ochib, qulog`iga taqishga harakat qildi, ammo buni bir qo`li bilan eplay olmadi. Men quloqchinni uning qo`lidan olib, tortib yozdim va qulog`iga taqishga yordam berdim. Yigitning labiga tabassum yugurib, menga rahmat aytdi.
    • Marshrutkaga o`tirganimda o`rindiqda buklanib o`tirgan ayolga ko`zim tushdi. Undan nima bo`lganligini so`radim, ammo ayol javob berishga kuch topolmadi. O`tirganlarning hammasi o`rnidan turib, tushib ketdi. Haydovchi bilan birga uni kasalxonaga olib borishga qaror qildik. Undan qarindoshlarining telefon raqamini so`raganimda, insultga chalingan turmush o`rtog`idan boshqa hech kimi yo`qligini bazo`r tushuntirdi. Ayol kasalxonaga etkuncha, qo`lidan hamyonini qo`ymadi. Kasalxonaga borganda shifokorlar uning insultni boshdan kechirganini, vaqtida olib kelingani tufayli hayoti saqlab qolinganini ma`lum qilishdi.
    • Boshqa yangiliklar